Avvalroq Spot Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 30-iyul kuni Toshkentda umumiy foydalanishdagi joylarda noqonuniy qurilishlar inventarizatsiyasini o‘tkazishni topshirgani haqida yozgan edi.

Hududni ko‘zdan kechirish chog‘ida Mirziyoyeva shahar tashqi qiyofasi masalasini ko‘tardi. Toshkent uchun dizayn-kodni puxta ishlab chiqish zarurligini ta’kidlab, “Archa bayram qilib yubormanglar”, — dedi.

Bunga javoban Toshkent hokimining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov dizayn-kod allaqachon mavjudligini qayd etdi.

“Men ko‘rib turibman sizlarning dizayn kodlaringizni. Sharmanda, hamma joy gul bosib ketgan”, — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Mirziyoyeva Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga murojaat qilar ekan, uni dizayn-kod va boshqa masalalarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirib, ushbu vazifalarni poytaxt hokimiga yetkazishni topshirdi. “Mana bunday sharmanda qilmasin”, — dedi u.

Toshkent dizayn-kodi

Joriy yil 28-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida poytaxt dizayn-kodi qoidalarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. 17-fevral kuni mahalliy Kengash Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga binoan CM International tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kodni joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qulladi.

Qaror ilovalarida quyidagilar tasdiqlangan:

  • jamoat joylarining turlari va chegaralari, shuningdek, ularni rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar;
  • Toshkent shahar dizayni elementlarini joylashtirish qoidalari, tijorat obyektlarini rasmiylashtirish tartibi, shaharning vizual o‘ziga xosligini shakllantirish, tutash hududlardan foydalanish, konstruksiyalar va axborot vositalarini (reklama, peshlavhalar, yozuvlar) joylashtirish, shuningdek, shahar dizayni elementlari kataloglari;
  • Toshkent shahrining sayyohlik va gastronomik ko‘chalari ro‘yxati;
  • jamoat joylarida obodonlashtirish va sanitariya tozalov ishlarini o‘tkazish uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori;
  • Tutash hududlardan samarali foydalanish va dizayn-kod loyihalarini ko‘rib chiqish masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasining tarkibi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori rasman e‘lon qilingan kundan boshlab uch oydan so‘ng — may oyi o‘rtalaridan kuchga kirdi. Hujjat bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.

Avvalroq Spot Toshkentda 35 ta bozor va savdo kompleksi sotuvga chiqarilishi haqida xabar bergandi.