Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi mahallalarda jamoat foydalanishidagi hududlar o‘rnida noqonuniy qurilishlar holatini o‘rgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurishga mo‘ljallanmagan, ular o‘z vazifasiga ko‘ra xizmat qilishi zarur.
Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga tashrif chog‘ida mahalla aholisi ekkan daraxtlar kesib, qo‘porib tashlangani, bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes markazi qurilishi rejalashtirilayotgani aniqlandi.



“Odamlar dod deganicha bor — qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti”, — deb yozdi Prezident Administratsiyasi rahbari o‘z Telegram-kanalida.
Bosh prokuratura Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi. O‘rganishlar davomida qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shartligi bildirildi.


“Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Toshkentda yashil hududlar tashkil etish takliflari bilan tanishgandi.




