Toshkentda yangi istirohat bog‘lari barpo etish va yashil hududlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida maʼlum qildi.

Uning ta‘kidlashicha, poytaxt jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, shaharda yashil hududlar hali ham kam. Shu bois yangi bog‘lar tashkil etish va atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish shahar kelajagi uchun ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Mirobod tumanining Afrosiyob ko‘chasida joylashgan bog‘ni ko‘zdan kechirdi.

Taʼkidlanishicha, bu yerda barcha emin-erkin dam olishi uchun zarur sharoitni yaratish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Sayilgoh ko‘chasi, Amir Temur shohko‘chasi va unga tutash hududlarni yangilash, Bobur nomidagi Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ maydonlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

“Asosiy vazifamiz — poytaxtimizga yashil shahar maqomini qaytarish, odamlar mazmunli hordiq chiqarishi va sayr qilishi uchun imkon qadar ko‘proq ochiq maydonlar yaratishdir. Qulay va xavfsiz muhitni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish lozim”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Spot, avvalroq, Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik ko‘cha tashkil etishning 3-bosqichi boshlangani haqida yozgandi.