Toshkent shahrining Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik ko‘cha qurishning uchinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati Spot‘ga ma‘lum qildi.
Ishlar hukumatning ochiq manbalarda mavjud bo‘lmagan qarori (VMQ-395) hamda Toshkent shahri hokimining qaroriga asosan zamonaviy turistik hudud yaratish loyihasi doirasida olib borilmoqda. Hozirgi — uchinchi bosqichda rekonstruksiya Taras Shevchenko ko‘chasining Fidokor ko‘chasi bilan kesishmasidan to Shahrisabz ko‘chasi bilan kesishgan joyigacha bo‘lgan qariyb 400 metrlik qismini qamrab oladi.
Ayni paytda obyektda demontaj ishlari va betonlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Rekonstruksiyani 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.



Loyiha amalga oshirilgach, hukumat biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish va poytaxtning sayyohlik jozibadorligini oshirishni kutmoqda.
Bu Taras Shevchenko ko‘chasida gastroko‘cha yaratishning yakuniy bosqichidir. Loyihaning ikkinchi bosqichi 2025-yil iyun oyida yakunlangan bo‘lib, Said Baraka va Nukus ko‘chalari orasidagi hududni o‘z ichiga olgan edi. U yerda piyodalar hududlari obodonlashtirilib, hudud ko‘kalamzorlashtirilgan, favvoralar, ayvonlar, yoritish tizimlari va videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Birinchi bosqich muddati bir necha bor qoldirilgach, 2024-yilning kuzida ochilgan bo‘lib, jamoat joylari, fotozonalar, Wi-Fi, videokuzatuv tizimi hamda yangi jamoat transporti bekatini yaratishni o‘z ichiga olgan edi.
Spot, avvalroq, Sergelidagi ko‘p qavatli uy-joy qurilishida qoidabuzarliklar aniqlanib, ishlar to‘xtatilgani haqida yozgandi.


