Toshkent shahrining Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy obyektida bir qator qoidabuzarliklar aniqlanib, ishlar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi matbout xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, poytaxtdagi qurilish obyektlarida olib borilayotgan kuchaytirilgan nazorat tadbirlari davomida mazkur obyekt o‘rganilgan. Tekshiruvda qurilish materiallarini saqlash qoidalariga rioya qilinmagani, qurilish maydoni va uning atrofi tez yonuvchi chiqindilardan tozalanmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, obyektning ayrim qismlarida bajarilgan temir-beton o‘zaklar sifatsiz ekani hamda loyiha talablariga muvofiq bajarilmagani ma’lum bo‘lgan.
“Konstruktiv kamchilikka yo‘l qo‘yapsiz. Bu yerda inson hayoti turibdi-ku. Bu ko‘p qavatli turar joy binosi bo‘lsa, unda insonlar yashaydi-ku. Oqibatini o‘ylang. Shuning uchun hammasini bartaraf qilguningizga qadar qurilishni to‘xtatib, [ishlarni] qayta bajarasiz”, — dedi inspeksiya vakillari monitoring jarayonida.




Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan obyektdagi barcha qurilish-montaj ishlari to‘xtatildi. Mas’ullarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Loyiha talablariga zid va sifatsiz bajarilgan temir-beton o‘zaklarni buzish ishlari ham boshlandi.
Inspeksiya qurilish ishlarini sifatli va loyiha talablariga qat’iy rioya qilgan holda bajarish asosiy mezonlardan biri ekanini eslatib, poytaxtdagi qurilish obyektlarida kuchaytirilgan nazorat tadbirlari davom etayotganini bildirdi.
Avvalroq Spot ko‘p qavatli uylarni ruxsatsiz qurganlar jazolanishi haqida yozgan edi. Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, Qurilish inspeksiyasi ruxsatisiz ko‘p qavatli uy qurganlar 185,4 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi.



