Oliy Majlis Senati yalpi majlisda qurilish sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Senator Kobul Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan 2017−2024-yillarda qurilgan 8974 ta hamda 2025-yilda barpo etilgan 2559 ta ko‘p kvartirali uy-joyning zilzilabardoshligi o‘rganilgan.
Natijada 3107 ta uy-joyning loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilmasdan, xususiy ekspertizadan o‘tkazilgani, 1434 tasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagani, 185 tasiga esa noqonuniy qo‘shimcha qavat qurilgani aniqlangan.
Shuningdek, 2023-yil 1-iyuldan o‘zboshimcha qurilgan obyektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanganiga qaramay, shundan keyin ham 213 ta noqonuniy qurilish qayd etilgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Shaharsozlik kodeksi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Xususan, ko‘p kvartirali uylarni Qurilish inspeksiyasining ruxsatisiz qurganlik uchun fuqarolarga BHMning 400 baravari (164,8 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 450 baravari (185,4 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi. Agar qoidabuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Qonun bilan master reja Shaharsozlik kodeksida alohida shaharsozlik hujjati sifatida belgilanmoqda. U hududlardagi shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa rivojlanish masalalarini qamrab oladi.
Bundan tashqari, ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirish, ularni qurish, xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni loyihalashtirish, qurish uchun litsenziya turlariga amal qilish muddati cheklanmagan holda berish talabi bekor qilinmoqda. Qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha xabardor qilish tartibi ruxsatnoma berish tartibiga o‘zgartirilmoqda.
Shuningdek, Qurilish inspeksiyasiga quyidagi vakolatlar berilmoqda:
- qurilish-montaj ishlarini boshlashga va foydalanishga ruxsat berish;
- qurilayotgan bino-inshootlar seysmik xavfsizligini nazorat qilish;
- texnik va mualliflik nazoratini amalga oshirish uchun buyurtmachi va ishlab chiquvchining ishlarini tekshirish;
- texnik va mualliflik nazorati sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda ularni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
- elektron texnik pasportlar asosida obyektlarni seysmik zaifligi bo‘yicha tasniflanish;
- qurilayotgan binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash;
- seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan barcha turdagi bino-inshootlar, ko‘p qavatli uy-joylarning seysmik zaifligini baholash uchun elektron texnik pasportlarni shakllantirish va boshqalar.
Senatorning ta’kidlashicha, qonun mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik bardoshligini oshirish, zilzilalarni prognoz qilish va monitoringini takomillashtirish hamda bu yo‘nalishda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot yangi uylarni optik internet bilan qurish talabi joriy etilishi haqida yozgan edi.
