Avvalroq prezident davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
So‘nggi yillarda aholi yashash maskanlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41% dan 98% ga yetdi, umumiy internet o‘tkazish qobiliyati 65 barobar oshdi.
Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar uchun telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hali yetarlicha jozibador emasligi, olis hududlarda simli internetdan foydalanuvchilar ulushi juda pastligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sohada biznes muhitini yaxshilash maqsadida telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha mavjud 2 ta litsenziya turini bittaga birlashtirish, litsenziya berish muddatini 25 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartirish taklif qilindi.
Ko‘p qavatli uylarni yuqori tezlikdagi internetga ulanish texnologiyasi asosida loyihalash va qurish talabi joriy etiladi. Bu yangi uy-joylarda optik tolali internet infratuzilmasini avvaldan hisobga olish, aholiga sifatli raqamli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi.
Sohada o‘zi ishini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Kelajak tadbirkori dasturi doirasida 2 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 15% stavkada 530 mln so‘mgacha kreditlar ajratish taklif qilindi.
Olis va chekka hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun imtiyozli tarif rejalari ishlab chiqiladi.
Prezident takliflarni maʼqullab, davlat idoralari maʼlumotlarini integratsiya qilish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy maʼlumotlar himoyasini taʼminlash, sohada xususiy sektor uchun yana-da qulay muhit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, IT Park rezidentlarining xodimlari uchun soliq imtiyozlari 2040-yilgacha uzaytirilishi haqida yozgandi.