Avvalroq prezident davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda AT sohasi eksporti va startaplar ekotizimini rivojlantirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. 2030-yilgacha AT eksportini $5 mlrdga yetkazish, 5 mingta faol startap tashkil etish va $2 mlrd investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Xalqaro StartupBlink reytingida O‘zbekiston 31 pog‘ona yuqorilab, dunyodagi eng tez o‘sayotgan startap ekotizim sifatida baholangani, Toshkent shahri Markaziy Osiyo shaharlari orasida 1-o‘rinni egallagani, Samarqand va Farg‘ona ilk bor dunyoning TOP-1000 startap shaharlari reytingiga kirgani qayd etildi.
Bu borada Talent Hub dasturi ishga tushirilishi belgilangan. U orqali xorijiy mutaxassislar va investorlarga masofadan korxona, bank hisobraqami va xalqaro karta ochish imkoniyati yaratiladi.
IT Park rezidentlarining xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, IT visa va Zero Risk dasturlarini kengaytirish taklif qilindi.
Shuningdek, AT eksportchi korxonalariga oylik ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplab berish, xalqaro sertifikatlash xarajatlarini kompensatsiya qilish, xorijiy buyurtmachilar va mutaxassislarni jalb etish uchun relokatsiya xarajatlarini qisman qoplash kabi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘zda tutilmoqda.
Buxoro va Farg‘onada 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlarini tashkil etish, startaplarni yirik xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ham takliflar taqdim etildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston investorlarga 50 yillik soliq imtiyozlari va xalqaro huquqiy himoya taklif qilayotgani haqida yozgandi.