Avvalroq Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.

Prezident ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Birinchi yo‘nalish — investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yana-da kuchaytirish.

Investorlar huquqlarini kuchli institutlar, e‘tirof etilgan xalqaro mexanizmlar orqali ta‘minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada mart oyidan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Markazning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi.

Ushbu markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi.

Kapitalning erkin harakati, istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati so‘zsiz kafolatlanadi. Moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar, “yashil” moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi.

Markaz hududida normativ hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator ham tashkil etiladi.

Dastlabki bosqichda bu kabi imtiyozlarning amal qilish muddati 50 yil etib belgilanadi.

Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqiga asoslangan maxsus tartib-tamoyil joriy etiladi, mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil qilinadi. Unda nufuzli xorijiy sudyalar va xalqaro ekspertlar faoliyat yuritadi.

Shu bilan birga, investitsion mediatsiya tizimi ham rivojlantiriladi. Bu borada O‘zbekiston BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilish niyatida.

Ushbu choralar natijasida investorlar O‘zbekistonning o‘zida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi.

Prezident barchani bunday shart-sharoitlardan, shakllanayotgan yangi ekotizim imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqirdi.

Spot, avvalroq, prezident AQSH kompaniyalari bilan qanday loyihalarni muhokama qilgani haqida yozgandi.