Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining (TXIF-2026) yalpi majlisida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha yangi maqsadni e’lon qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Davlat rahbari mamlakatga kapital qo‘yilmalar hajmi jadal o‘sayotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda $150 mlrddan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, shundan $123 mlrdi oxirgi besh yilga to‘g‘ri kelmoqda.
“Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan, teng huquqli va o‘zaro foydali sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz”, — dedi prezident.
Hozir jahon iqtisodiyoti va global kapital xaritasida keskin siljishlar, savdo mojarolarining keskinlashuvi kuzatilmoqda. Buning fonida investorlarda huquq va erkinliklar himoyasini ta’minlaydigan, yuqori o‘sish sur’atlari va keng istiqbollarni namoyish etayotgan mamlakatlarga sarmoya kiritishga “tabiiy istak” paydo bo‘lmoqda, deya qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7% ga o‘sdi, iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa $43 mlrdni tashkil etdi. Bundan tashqari, xalqaro oltin-valyuta zaxiralari $70 mlrddan oshib, milliy valyuta barqarorligini ta’minladi.
“To‘rt yil avval bo‘lib o‘tgan ilk forumda 2026-yil yakuniga kelib, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotini $100 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil $180 mlrddan oshishi kutilmoqda” — deya qo‘shimcha qildi prezident.
Shuningdek, u O‘zbekistonning xalqaro kredit reytinglari muntazam ravishda yaxshilanib borayotganini ta’kidladi. Mamlakat Iqtisodiy erkinlik indeksida (Amerikaning Heritage Foundation tashkiloti — Spot) 14 pog‘onaga ko‘tarilib, birinchi marta “qisman erkin iqtisodiyotlar” guruhiga kirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda birinchi chorakda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi kamaygani haqida yozgandi.
Uning YIMdagi ulushi o‘tgan yilgi 24,8% dan 22,9% ga tushdi. Bu asosan qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari hisobiga ro‘y berdi.