Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda raqamli xizmatlar soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 mln nafarga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilda raqamli xizmatlar soni 525 ta, foydalanuvchilar soni 4 mln nafar bo‘lgan.

Davlat boshqaruvida maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari turli idoralar kesimida tarqoq holda shakllangani, ularni tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi.

Mazkur tizim orqali hudud iqtisodiyoti, investitsiya, ekologiya, xavfsizlik masalalari, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalarning farovonlik darajasi, fazoviy maʼlumotlar, obyektlar va xarita qatlamlari yagona platformada aks ettiriladi.

Platforma sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida maʼlumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Davlat rahbari joriy yilda ushbu raqamli boshqaruv tizimini poytaxtda, kelgusi yildan esa barcha hududlarda joriy qilish zarurligini taʼkidladi.

Taqdimotda tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini ishga tushirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Hozirda bojxona, soliq, statistika va boshqa idoralar turli tovar klassifikatorlaridan foydalanmoqda. Bu esa biznes xarajatlarining ortishi, hisobotlar aniqligi pasayishi va idoralararo maʼlumot almashinuvida qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Yagona milliy tasniflash tizimi joriy etilsa, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqaradi, davlat idoralari o‘rtasida maʼlumot almashinuvi soddalashadi, statistik hisobotlarning aniqligi oshadi.

Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish taklifi bildirildi. Bugungi kunda mamlakatda mazkur yo‘nalishda asosan xorijiy platformalardan foydalanilayotgani qayd etildi.

Milliy navigatsiya tizimi geomaʼlumotlarni yagona standart asosida shakllantirish, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlarini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.

Spot, avvalroq, BAA bilan hamkorlikda Sifatli davlat boshqaruvi dasturi amalga oshirilishi haqida yozgandi.