Qirg‘izistonning Aero Nomad aviakompaniyasi 23-avgust kuni Bishkek-Toshkent-Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reysini amalga oshirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Airbus A320 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 22:22 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi.

Birinchi reys bilan Bishkekdan 163 nafar yo‘lovchi yetib kelgan, qaytish reysiga esa 74 nafar yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan.

Aero Nomad Bishkek va Toshkent o‘rtasida haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida parvozlarni amalga oshiradi.

Shu tariqa, Aero Nomad Toshkent — Bishkek yo‘nalishida parvoz qiluvchi uchinchi aviakompaniyaga aylandi.

Hozirda ikki poytaxt o‘rtasida Uzbekistan Airways va Centrum Air ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.

Kelgusida Aero Nomad O‘zbekistondagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish hamda Bishkekdan Samarqand va Urganchga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Ma‘lumot uchun, Aero Nomad 2021-yilda tashkil etilgan Qirg‘iziston aviakompaniyasi bo‘lib, Airbus A320 oilasiga mansub samolyotlarda muntazam va charter reyslarni amalga oshiradi.

Spot, avvalroq, 3-sentabrdan Tez Jet Bishkekdan Toshkentga parvozlarni boshlashi haqida yozgandi.