Buyuk Britaniya mavsumiy ishlar uchun o‘zbekistonliklarni tanlab olishi kutilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
23-noyabr kuni agentlik rahbariyati Buyuk Britaniyaning Adolatli mehnat sharoitlarini ta’minlash agentligi (Fair Work Agency, FWA) vakillari bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston fuqarolarini mavsumiy ishlarga jalb qilish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda 14 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishga yuborilgan. Britaniyalik operatorlar kelgusi mavsum uchun nomzodlarni saralash maqsadida O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda FWA vakillari mavsumiy ishchilarni jalb qiluvchi operatorlarning litsenziya talablariga rioya etishini nazorat qilish va xodimlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi haqida ma’lumot berdi.


Migratsiya agentligi esa fuqarolarni safar oldidan Buyuk Britaniyaning mehnat qonunchiligi, mehnat shartnomasi, ish va yashash sharoitlari bilan tanishtirish uchun maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazishni taklif qildi. Tomonlar mehnat huquqlari buzilishining oldini olish uchun mutaxassislar o‘rtasida axborot almashish muhimligini qayd etdi.
O‘zbekiston tomoni litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklarining xorijda ishga joylashtirishdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalarini ham taqdim etdi. Britaniya vakillari esa mavsumiy ishchilarni qaysi mamlakatlardan va qanday tartibda jalb etishni operatorlarning o‘zi belgilashini qayd etib, taklif etilgan hamkorlik mexanizmini o‘rganish zarurligini bildirdi.
Shuningdek, hamkorlik memorandumining yangilangan loyihasi va uni imzolashga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Migratsiya agentligi ingliz tilini biladigan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, muhandislar va boshqa malakali mutaxassislarni Britaniya kompaniyalariga ishga joylashtirish imkoniyatlarini ham o‘rganishni taklif qildi. Britaniya tomoni bu taklifni vakolatli idoralarga yetkazish va keyingi maslahatlashuvlarni muvofiqlashtirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq Spot Germaniya o‘zbekistonlik 800 nafar hamshirani ishga olishi haqida yozgan edi.

