Markaziy bank muddatli to‘lov xizmati operatori sifatida hisob ro‘yxatidan o‘tishi shart bo‘lgan tashkilotlarni aniqlash tartibi bo‘yicha nizom loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Loyiha prezidentning 14-avgustdagi PQ-294-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2027-yildan muddatli to‘lov xizmatini faqat Markaziy bank reyestriga kiritilgan tashkilotlar ko‘rsata oladi.
Loyihaga ko‘ra, chorak yakunida tovar, ish va xizmatlarni sotish aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan hamda unda muddatli to‘lov ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlar Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tishi va reyestrga kirishi shart bo‘ladi.
Talab ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etilmaydi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari reyestrga Markaziy bankni xabardor qilish orqali kiritiladi.
Muddatli to‘lov ulushiga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan tovarlar va ular bo‘yicha olingan foizli daromadlar kiradi. Tashkilotlar bu ko‘rsatkichni har chorak yakunida o‘zi hisoblaydi va mezonga javob bersa, keyingi oyning 20-sanasigacha Markaziy bankka ariza beradi.
Bunday tashkilotlarni Soliq qo‘mitasi ham elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa cheklaridagi foizli daromadlar asosida aniqlab, har chorakdan keyingi oyning 15-sanasigacha Markaziy bankka taqdim etadi. Regulyator kredit byurolari ma’lumotlaridan ham foydalanishi mumkin.
Mezonga javob beradigan tashkilotning ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi nizomni buzish hisoblanadi. Loyiha 1-dekabrgacha jamoatchilik muhokamasida turadi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2027-yildan muddatli to‘lov shartnomasi qiymati 250 BHM (110 mln so‘m) dan oshmasligi kerak. Asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar, jumladan vositachilik haqi, jarima va penyalar yiliga muddatli to‘lov summasining 50% idan oshmasligi, iste’molchining majburiyat muddati esa 12 oydan ko‘p bo‘lmasligi belgilangan. Operatorlarga iste’mol kreditlari berish va jismoniy shaxslardan mablag‘ jalb qilish taqiqlanadi.
Avvalroq muddatli to‘lov operatorlari mijozlarning qarz yukini hisobga olishi shart bo‘lishi haqida xabar berilgandi.