Avvalroq prezidentning 14-avgustdagi qarori bilan aholiga muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish tartibi takomillashtirilishi haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmati operatorlari Markaziy bankning tartibga solish va nazorat qilishga oid prudensial normativ hamda talablariga rioya qilishi shart.

Shuningdek, operatorlar muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda mijozlarni raqamli identifikatsiya va verifikatsiya qilishi kerak.

Tuziladigan barcha muddatli to‘lov shartnomalari va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar bo‘yicha kredit byurolari bilan kredit axboroti almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilishda Markaziy bank belgilaydigan qarz yuki ko‘rsatkichining eng yuqori miqdori bo‘yicha talablarga rioya etilishi shart.

Chorak yakunida tovarlar, ishlar va xizmatlarni realizatsiya qilish aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan hamda unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan tovar iste‘mol krediti beruvchi tashkilotlar hisob ro‘yxatidan o‘tishi va reyestrga kirishi kerak.

Mazkur tashkilotlar ham muddatli to‘lov xizmati operatorlari uchun qarorda belgilangan talablarga rioya qilishi shart.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda aholining banklar oldidagi qarzdorligi oshib borayotgani Markaziy bankni ham xavotirga solayotgani haqida yozgandi.