O‘zbekistonda aholining banklar oldidagi qarzdorligi oshib borayotgani Markaziy bankni ham xavotirga solmoqda. Bu haqda 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida regulyator raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov ma’lum qildi.

Senator Husan Ermatov aholining qarzlari o‘sish sur’ati tadbirkorlarnikidan yuqori ekaniga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi olti yil ichida aholining banklardan olgan qarzlari besh baravardan ko‘proqqa oshgan.

Xususan, 2021-yilda aholining kredit qarzdorligi 58,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich 230,8 trln so‘mga yetgan. Shu bilan birga, biznes qarzlari yillik 12% ga oshayotgan bir paytda, aholining qarzdorligi 21,2% ga ko‘paygan. Senator buni xavfli holat sifatida tavsifladi.

“Bu raqam nafaqat yillik o‘sish sur’ati, balki so‘nggi olti yildagi o‘zgarishlar bilan taqqoslaganda ham jiddiy tendensiyalar mavjudligini ko‘rsatmoqda”, — dedi u.

Ermatov Senatda ko‘rib chiqilgan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar aholining qarz yukiga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha Markaziy bankning prognozi yoki tadqiqoti bor-yo‘qligini so‘radi.

kreditlar, markaziy bank, qarzdorlik, reklama to‘g‘risida qonun, sanjar nosirov, qarz yuki, ogohlantirish

Husan Ermatov (o‘rtada). Foto: videodan kadr

Markaziy bank qarz yukini qanday jilovlaydi?

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov aholining qarzdorligi o‘sishi xavotirli holat ekanini tan oldi. Biroq u kreditlar hajmining oshishini faqat salbiy holat sifatida baholash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.

“To‘ppa-to‘g‘ri, bu haqiqatan ham xavotirli holat. Oxirgi yillarda [keskin] o‘sish kuzatildi, lekin yana bir narsani e’tiborga olishimiz kerak-ki, bu asosan o‘tgan yillarda, jumladan, 2015−2016-yillardagi qoplanmagan talab hisobiga ham o‘sish kuzatildi”, — dedi u.

Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, ilgari jismoniy shaxslarning banklardan kredit olishi deyarli imkonsiz bo‘lgan. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida kredit olish imkoniyatlari kengayib, kreditlar hajmi ham oshgan. Markaziy bankni kreditlar hajmining o‘sishidan ko‘ra, aholining mavjud qarzlarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati ko‘proq xavotirga solmoqda.

Shu sababli regulyator qarz yukini nazorat qilish va boshqariladigan darajada ushlab turish uchun bir qator me’yorlarni joriy qildi. Jumladan, qarzga xizmat ko‘rsatishning daromadga nisbati 50% etib belgilangan. Ya’ni, fuqaro oylik daromadining yarmidan ko‘pini kredit to‘lovlariga yo‘naltirmasligi kerak.

Bundan tashqari, qarzning ta’minotga nisbati bo‘yicha talablar joriy etilgan. 2026-yil boshidan esa qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi ham belgilangan. Unga ko‘ra, fuqaro rasmiy daromadga ega bo‘lsa, daromadining 8 baravaridan, norasmiy daromadga ega bo‘lsa, 5 baravaridan ortiq miqdorda kredit olishi mumkin emas.

kreditlar, markaziy bank, qarzdorlik, reklama to‘g‘risida qonun, sanjar nosirov, qarz yuki, ogohlantirish

Sanjar Nosirov (o‘ngdan). Foto: videodan kadr

Sanjar Nosirov Markaziy bank iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha ham choralarni kuchaytirganini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, ushbu choralar natijasida aholining qarz yukidagi o‘sish tendensiyasini jilovlashga erishilgan. 2024-yilda aholining umumiy qarz yuki 38% bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich 37%ga tushib, 2025-yilda kamayish tendensiyasi kuzatildi.

Reklamalardagi ogohlantirishlar qarz yukini kamaytiradimi?

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov ko‘rib chiqilgan reklama sohasidagi yangi mexanizm aholining qarz yukini bevosita kamaytirmasligini, biroq regulyatorning bu boradagi kompleks yondashuvining bir qismi ekanini aytdi. Uning fikricha, kredit reklamasida ogohlantirishlarning bo‘lishi fuqarolarning kreditning salbiy jihatlari haqida xabardor bo‘lishiga yordam beradi.

“Bu bevosita qarz yukini to‘xtatishga xizmat qilmasa ham, odamlarning ongli ravishda xabardorligini oshiradi. Bu reklama orqali chalg‘itish yoki boshqa holatlarning oldini oladi. Bundan tashqari, ongli ravishda qaror qabul qilishga undaydi”, — dedi Nosirov va u bu choralar banklarda ham masuliyatli kreditlash madaniyatining oshishini kutmoqda.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari ushbu mexanizm bo‘yicha xorijiy tajriba ham o‘rganilganini bildirdi. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada shunga o‘xshash choralar qo‘llangach, kredit bozorining faolligini keskin qisqartirmagan holda qarzga xizmat ko‘rsatish holatini yaxshilash va muddati o‘tgan qarzdorlikni kamaytirishga erishilgan.

Avvalroq Spot Markaziy bank kredit reklamalari va shartnomalarida ogohlantirishlarni majburiy qilishni taklif etgani haqida yozgan edi. Kredit reklamalarida moliyaviy xatarlar haqidagi ogohlantirish uchun kamida 10% joy yoki vaqt, kredit shartnomalarida esa kamida 30% maydon ajratilishi mumkin.