6-oktabr kuni Toshkent Respublika fond birjasida ikki kompaniyaning valyuta obligatsiyalari savdosi boshlandi, deya xabar berdi birja matbuot xizmati.
Birjaning kotirovka ro‘yxatiga AQSh dollarida nominallangan korporativ obligatsiyalarga ega ikki emitent — Agat Credit mikromoliya tashkiloti va UB Assets Holding (Uzum) kompaniyasi kiritildi. Ularning umumiy hajmi $60 mln ni tashkil etdi.
Uzum nominal qiymati bittasi uchun $50 mingdan bo‘lgan 1000 dona obligatsiyani UASH3B1U tikeri ostida joylashtirdi. Kupon stavkasi yillik 8,5% ga teng.
$50 mln lik qimmatli qog‘ozlar 1080 kun (ikki yil, 11 oy va 15 kun) davomida muomalada bo‘ladi. Obligatsiya egalari kupon to‘lovlarini har chorakda olib turadi.
Bundan tashqari, Agat Credit har birining nominal qiymati $100 va kupon daromadliligi 11,5% bo‘lgan 100 ming dona valyuta obligatsiyasini chiqardi. Ular har oyda foiz to‘lab borish sharti bilan ikki yil muomalada bo‘ladi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Uzum‘ning $50 mln lik valyuta obligatsiyalari emissiyasini 15-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazdi. Kompaniya O‘zbekistonda “tartibga solish qumdoni” doirasida valyuta obligatsiyalarini chiqargan ilk tashkilotlar safidan joy oldi.
Shu bilan birga, Agat Credit iyun oyi o‘rtalaridayoq maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida birinchilardan bo‘lib ro‘yxatdan o‘tgan edi. Ko‘p o‘tmay, u $10 mln lik obligatsiyalar chiqarishini e‘lon qildi.
Valyuta obligatsiyalari
ILMA aprel oyida O‘zbekiston bozorida valyuta obligatsiyalari muomalasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagan edi. Ushbu hujjat kapital bozoridagi “qumdon” doirasida chet el valyutasidagi obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalada bo‘lishi va so‘ndirish tartibini belgilaydi.
Bitta kompaniya bir vaqtning o‘zida muomalada umumiy summasi $50 mln dan oshmaydigan miqdorda valyuta obligatsiyalariga ega bo‘lishi mumkin. Ta‘minlanmagan obligatsiyalarni chiqarishga faqat emitentning o‘z kapitali doirasidagina ruxsat etiladi. Agar emissiya hajmi kapitaldan oshib ketsa, kompaniya (“yuqori kredit reytingiga ega ayrim banklar” bundan mustasno) belgilangan me‘yordan ortiq qismi uchun ta‘minot taqdim etishi lozim.
Obligatsiyalar bo‘yicha ko‘chmas mulk, pul mablag‘lari, bank kafolatlari yoki sug‘urta polisi ta‘minot vazifasini o‘tashi mumkin. Ko‘chmas mulk obyektlari bozor bahosi bo‘yicha majburiy baholanishi shart va ular chiqarilish hajmining baholangan qiymatidan 75% idan oshmagan qismini ta‘minlash uchungina qabul qilinadi, bunda ularning umumiy ta‘minotdagi ulushi 50% dan oshmasligi kerak.
ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak 17-sentabr kuni Cbonds tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston kapital bozori xalqaro konferensiyasida $90 mln lik valyuta obligatsiyalari emissiyasi ro‘yxatga olinganini ma‘lum qildi. U yil oxiriga borib bu ko‘rsatkichlar yanada oshishiga umid bildirdi.
Asia Alliance Bank va Universalbank ILMAda valyuta obligatsiyalari chiqarilishini rasman ro‘yxatdan o‘tkazgan dastlabki emitentlar bo‘ldi — tegishincha $20 mln va $10 mln. Har ikki bank qimmatli qog‘ozlarining birjadagi savdosi 28-sentabr kuni boshlangan.
Spot avvalroq O‘zbekneftgaz xalqaro bozorlarda obligatsiyalar chiqarish istiqbollarini muhokama qilgani haqida yozgandi.