Uzum raqamli ekotizimi kupon daromadliligi 18% bo‘lgan 600 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarining beshinchi emissiyasini joylashtirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot‘ga xabar berdi.
Toshkent Respublika fond birjasida Uzum obligatsiyalarining beshta emissiyasi hajmi 2,1 trln so‘mga yetdi. Kompaniyaning ta‘kidlashicha, bu uni mamlakatdagi eng yirik xususiy korporativ emitentga aylantiradi. Jalb qilingan mablag‘lar ekotizimning fintex yo‘nalishini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
“Biz obligatsiyalarni bir martalik vosita sifatida emas, balki bozor moliyalashtiruvi uzoq muddatli strategiyasining bir qismi va O‘zbekistonning qarz kapitali bozorini rivojlantirishga qo‘shgan hissamiz sifatida ko‘ramiz: 2,1 trln so‘m, shundan qariyb 60% i norezidentlardan jalb qilingan — bu mamlakat raqamli iqtisodiyotining o‘sishi uchun xizmat qiladigan kapitaldir”, — deb ta‘kidladi Uzum moliyaviy direktori Nikita Gulyayev.
Bundan tashqari, 15-sentyabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kupon daromadliligi 8,5% bo‘lgan $50 mln lik Uzum korporativ obligatsiyalarining oltinchi emissiyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Kompaniya ILMAning “tartibga solish qumdoni” doirasida valyuta obligatsiyalarini chiqargan mamlakatdagi birinchi kompaniyalardan biriga aylandi. Emissiya anderrayteri sifatida Alkes ishtirok etdi.
Uzum valyuta obligatsiyalarini asosan norezidentlar o‘rtasida joylashtirishni rejalashtirmoqda, bu esa milliy iqtisodiyotni rivojlantirish uchun qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
O‘zbekistonda korporativ obligatsiyalar emissiyasi birinchi yarim yillikda 7 trln so‘mni tashkil etdi va butun 2025-yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar oshdi. Taqqoslash uchun, korporativ obligatsiyalar emissiyasi hajmi 2023-yildagi 1,06 trln so‘mdan 2024-yilda 1,9 trln so‘mga va 2025-yilda 3,93 trln so‘mga o‘sgan.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda dividendlar va obligatsiyalarga nol foizli soliqni 2038-yilgacha uzaytirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.