Yevropa Ittifoqida 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilmoqda, Bu haqda AP Nashri Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayenga tayanib xabar berdi.

“13 yoshgacha — ijtimoiy tarmoqlarsiz. 15 yoshgacha — shaxsiy akkauntlarsiz”, — dedi Ursula fon der Lyayen. Tegishli qonun loyihasi 17-sentabr kuni taqdim etilishi kutilmoqda.

Uning qayd etishicha, qonun loyihasida bolalarni internetda yoshiga qarab bosqichma-bosqich himoya qilish nazarda tutilgan.

Jumladan, 13−15 yoshdagi bolalar vaqt cheklovlari o‘rnatilgan, ular uchun moslashtirilgan ijtimoiy tarmoq akkauntlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bunday akkauntlar ota-onalar tomonidan yaratilishi va nazorat qilinishi kerak.

15−18 yoshdagi o‘smirlar uchun esa platformalar o‘z xizmatlarini xavfsiz dizayn asosida taqdim etishi shart bo‘ladi. Bunda xizmatlar bolalar uchun xavfsiz ekanini isbotlash majburiyati texnologik kompaniyalar zimmasiga yuklanadi.

“Bolalarni bolaligidan mahrum qilishmoqda”, — dedi fon der Lyayen. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalarga o‘zlarini his qilish, mustaqil qarorlar qabul qilish va hatto shunchaki zerikish uchun ham vaqt kerak. “Ammo bolada smartfon bo‘lsa, u bularning barchasidan mahrum bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash

27-iyun kuni O‘zbekistonda ham 16 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.

18-iyun kuni BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlandi.

Bu yoshdagi o‘smirlarga shaxsiy akkaunt yaratish yoki platformalarning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qayd etilishicha, ota-onalarning rasmiy roziligi ham yangi qoidalardan istisno bo‘lmaydi.

Rasmiylar tegishli standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish uchun ijtimoiy tarmoqlarga 12 oygacha muddat berdi.

Avvalroq Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat tashabbusni avgust oyida ko‘rib chiqadi. Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi qoidalar 2027-yildan kuchga kirishi mumkin.

15-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 2027-yil bahoridan mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.

Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

2026-yil fevral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.

Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.

Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.

Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.

May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.

Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.


Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.

Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.