BAA Vazirlar Mahkamasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Khaleej Times xabar berdi.

Bu yoshdagi o‘smirlarga shaxsiy akkaunt yaratish yoki platformalarning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qayd etilishicha, ota-onalarning rasmiy roziligi ham yangi qoidalardan istisno bo‘lmaydi.

Ta’kidlanishicha, 15 va 16 yoshli yigitlar va qizlar uchun kirish ochiq, ammo qat’iy tartibga solingan holda qoladi.

Ularning hisoblari yoshga qarab filtrlash va ota-ona nazorati kabi kuchaytirilgan himoyalarga ega bo‘ladi.

Rasmiylar ushbu standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish uchun ijtimoiy tarmoqlarga 12 oygacha muddat berdi. Platformalar mamlakatning tegishli idoralari bilan bevosita muvofiqlashtirilgan holda ishlaydi.

2024-yilgi so‘rov natijalariga ko‘ra, Amirliklardagi bolalar har kuni ijtimoiy tarmoqlarda taxminan uch soat vaqt o‘tkazadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday odat ko‘pincha xavotirga, o‘qishda muammolarga va hatto nutqning kechikishiga sabab bo‘ladi.

Avvalroq Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat tashabbusni avgust oyida ko‘rib chiqadi. Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi qoidalar 2027-yildan kuchga kirishi mumkin.

15-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 2027-yil bahoridan mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.

Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.

Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

2026-yil evral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.

Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.

Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.

Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.

May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.

Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.


Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.

Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.