Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, hukumat tomonidan hozirda tegishli norma muhokama qilinmoqda, deya xabar berdi tengrinews nashri.
Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Kochetov jurnalistlarga ma’lum qilishicha, tegishli tuzatishlar to‘plami allaqachon shakllantirilgan.
U, xususan, bolalarning onlayn platformalardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi normalarni o‘z ichiga oladi.
“16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ro‘yxatdan o‘tish cheklanishi haqidagi norma. Mexanizmlar kelishib olinmagan, ya’ni biz hozir ongli ravishda normani qonunga kiritmoqdamiz. Bu davlat organlari bilan muhokama qilinmoqda. Bu qonun loyihasi hali Parlamentga kiritilmagan”, — dedi Kochetov hukumat yig‘ilishida.
Tafsilotlar haqida gapirishga hali erta, chunki hozirda davlat organlari bilan kelishish bosqichida. U hozir hukumatda. Endi yangi Parlament maydonida, Qurultoy maydonida bu normalarni muhokama qilinadi, dedi u.
Vazir o‘rinbosari ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bo‘yicha normani “trend” deb atadi va bunday taqiqni joriy etgan birinchi davlatlardan biri Avstraliya bo‘lganini eslatdi.
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
2026-yil yanvar oyida Buyuk Britaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni nazarda tutuvchi “Bolalar farovonligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Fevral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.
Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.
Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.
Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.
Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida xabar berilgandi.
Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.