2027-yil bahoridan Buyuk Britaniyada 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda bosh vazir Kir Starmer X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.
U hozirgi kunda bolalar texnologiya hayotning har bir jabhasiga kirib borgan dunyoda o‘z o‘rnini topishi kerak deb hisoblaydi.
“Men bunga endi shunchaki toqat qila olmayman. Shuning uchun biz bolalarga ularning bolaligini qaytarib beramiz”, — dedi Starmer.
Bu qaror hukumat bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilindi. Maslahatlashuvlar davomida 9499 nafar ota-ona va vasiyning 89%i ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun eng kichik yosh chegarasini belgilashni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini, ularning 88%i esa bu yosh 16 dan kichik bo‘lishi kerakligiga to‘liq qo‘shilishini bildirgan.
Hukumat bayonotiga ko‘ra, taqiq Snapchat, TikTok, YouTube, Instagram, Facebook va X kabi ilovalarga tatbiq etiladi, ammo WhatsApp va Signal messenjerlariga taalluqli bo‘lmaydi.
2026-yil yanvar oyida Buyuk Britaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni nazarda tutuvchi “Bolalar farovonligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
2026-yil evral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.
Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.
Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.
Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.
Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.
May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.
Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.
Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.
Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.