Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi, deya xabar berdi Reuters.

Qonun loyihasi, shuningdek, xavfsizlik standartlarini belgilash uchun raqamli regulyator yaratish orqali sun’iy intellektli chat-botlar xavfsizligini oshirishga qaratilgan.

Talablarga rioya qilmaganlik uchun kompaniyalar jahon daromadining 3%i yoki 10 mln Kanada dollari ($7,2 mln) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

“Ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektga ega chatbotlar e’tiborni jalb qilish uchun yaratilgan. Ular bolalarning sog‘lom rivojlanishiga hissa qo‘shmaydi va ko‘plab yosh kanadaliklar uchun tashvish, izolyatsiya, depressiya va boshqa bir qator ruhiy salomatlik muammolariga sabab bo‘ladi”, — dedi Kanada o‘ziga xoslik va madaniyat vaziri Mark Miller.

Uning ta’kidlashicha, ushbu qonun yosh kanadaliklar uchun xavfsizroq muhitni ta’minlaydi va ularga shaxsan muloqot qilish, do‘stlar orttirish, o‘qishga e’tibor qaratish va muvaffaqiyatli hayot uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.

Qonun loyihasi parlamentga mamlakatdagi ommaviy otishmalardan birida jabr ko‘rgan oilalar OpenAI kompaniyasini sudga berganidan bir necha hafta o‘tib kiritildi.

Ular kompaniya gumonlanuvchining ChatGPT orqali hujum qilish rejalaridan xabardor bo‘lgani, biroq politsiyani ogohlantirmaganini da’vo qilgan edi.

Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

2026-yil yanvar oyida Buyuk Britaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni nazarda tutuvchi “Bolalar farovonligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

Fevral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.

Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.

Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.

Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.

May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.


Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.

Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.