Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif etildi.

Tegishli qonunchilik o‘zgarishlarini hukumat koalitsiyasiga kiruvchi Hlas-SD (“Ovoz — ijtimoiy demokratiya”) partiyasi tayyorladi.

Bu haqda partiya yetakchisi va mamlakat ichki ishlar vaziri Matush Shutay-Eshtok matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus yoshlarning radikallashuvi muammosi muhokamalari natijalaridan biri bo‘lgan.

Slovakiya Ichki ishlar vazirligi rahbari ijtimoiy tarmoqlar bolaga katta yoshli foydalanuvchi sifatida qaramasligi kerakligini ta’kidladi.

16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun shaxsiy ma’lumotlar va joylashuv haqidagi axborotni qo‘shimcha himoya qilishni ko‘zda tutuvchi maxsus rejim joriy etish taklif qilinmoqda.

Ta’lim vaziri Tomas Drukerning aytishicha, hukumat tashabbusni avgust oyida ko‘rib chiqadi.

Shu bilan birga, cheklovlar faqat foydalanuvchilar o‘rtasida xabar almashish uchun mo‘ljallangan platformalarga ta’sir qilmaydi.

Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi qoidalar 2027-yil yanvaridan kuchga kirishi mumkin.

15-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 2027-yil bahoridan mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.

Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.

Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

2026-yil evral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.

Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.

Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.

Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.

May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.

Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.


Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.

Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.