O‘zbekistonda 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilishga qaratilgan $37 mlnlik loyiha Rossiyadan kredit jalb qilishdagi qiyinchiliklar sabab boshqa bankka o‘tkazildi. Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev 11-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Hukumat soatida ma’lum qildi.

Xalq demokratik partiyasi deputati Imomnazar Tursunov 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan suv xo‘jaligi sohasidagi investitsiya loyihalariga to‘xtalib, “taqdim etilgan jadvalda bir so‘m ham o‘zlashtirilmagani” ko‘rsatilayotganini qayd etdi.

Bunga misol sifatida 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan $37 mlnlik hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi 110 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihalari keltirildi. Deputat vazirdan loyihalarning kechikish sabablari va ularni belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani haqida so‘radi.

Shavkat Hamrayev deputatning savoliga javoban, nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasining moliyalashtirish shartlari o‘zgartirilganini bildirdi. Bunga sanksiyalar va kredit foiz stavkalarining oshishi ta’sir qilgan.

“95 ta nasos stansiyasining modernizatsiyasi kechikishiga Rossiyaga nisbatan sanksiyalar va foiz stavkalarining oshishi bo‘ldi. Shuning uchun $37 mlnlik loyihani Rossiya bilan emas, yangi bank bilan amalga oshiradigan bo‘ldik”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hamkor 4% lik kredit taqdim etmoqda, biroq bank nomiga aniqlik kiritmadi. Shuningdek, vazir ishlarni kelgusi yilda bajarish rejalashtirilganini aytdi.

Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida 110 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Hozirda tender jarayonlari davom etmoqda. Shavkat Hamrayev ushbu loyihani 2027-yil, 2028-yilning birinchi yarmida to‘liq amalga oshirish ko‘zda tutilganini ta’kidladi.

“Va'da beramizki, bu loyihalar juda samarali, sifatli va ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi”, — deya xulosa qildi u.

Avvalroq Spot suv olish qoidalarini buzganlik uchun biznesga jarimalar qanday qo‘llanishi haqida yozgan edi.