Vazirlar Mahkamasi suv olish qoidalarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalar qo‘llash tartibini tasdiqladi. 21-oktabrdagi qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Hujjat sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va maishiy ehtiyojlar uchun suv olish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilganda moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibini belgilaydi. Bunday huquqbuzarliklarga quyidagilar kiradi:
- belgilangan suv olish limitlaridan oshib ketish;
- tegishli shartnoma tuzmasdan suv olish;
- suvni tartibga solish va hisobga olish qurilmalarini o‘rnatmasdan suv olish;
- maxsus maqsadlarda suvdan foydalanish uchun ruxsatsiz suv olish;
- o‘zboshimchalik bilan suv olish.
2027-yildan boshlab yuridik shaxslar tomonidan birinchi marta huquqbuzarlik sodir etilganda “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” tamoyili qo‘llanadi.
Agar korxonaning harakatlari fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga yoki ularning mol-mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligi va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (Davlat suv xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi) suvnazorat.uz platformasi orqali korxonaga kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma yuboradi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.
Agar korxona ko‘rsatmani bajarmasa, Davlat suv xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi unga moliyaviy sanksiyalar qo‘llashi mumkin. Jarima miqdori qoidabuzarlik bilan olingan suv hajmi hamda huquqbuzarlikning har bir turi uchun belgilangan koeffitsiyent asosida aniqlanadi.
Koeffitsiyentlar Suv kodeksining 164-moddasida 1000 kub metr hisobiga belgilanadi:
- tartibga solish vositalari va hisoblagichlarsiz suv olish — BHMning 5% i (22 ming so‘m);
- limitdan ortiqcha suv olish — BHMning 20% i (88 000 so‘m);
- shartnomasiz suv olish, shuningdek o‘zboshimchalik bilan suv olish — BHMning 30% i (132 ming so‘m);
- suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilar tomonidan ruxsatnomasiz suv olish — BHMning 40% i (176 ming so‘m).
Agar qoidabuzarlik bir yil davomida takrorlansa, moliyaviy sanksiyalar besh baravar miqdorda qo‘llaniladi.
Biznes jarimani tegishli qarordan keyin bir oy ichida 50% chegirma bilan ixtiyoriy ravishda to‘lashi yoki butun summani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin. Agar qonunbuzar bir oy ichida pulni to‘lamasa, “Davsuvxo‘jaliknazorat” idorasi sudga da’vo arizasi berishi mumkin.
Sanksiyalar ustidan shikoyat qilinganda ularni qo‘llash jarayoni va muddati to‘xtatiladi. Agar sud qarorni bekor qilsa, to‘langan pul 15 kun ichida qaytarilishi kerak — aks holda, ushlab qolingan summaga har kuni Markaziy bankning asosiy stavkasining 1/300 qismi miqdorida foiz hisoblanadi (hozirda 0,0467% — Spot).
Avvalroq Spot Chirchiq daryosiga oqova suvlarni tozalamasdan oqizish holati aniqlangani haqida yozgandi.