Buxoro viloyatida faoliyat yurituvchi “J.F.A.” MChJ rahbari fermer xo‘jaligiga suv yetkazib berilishida sun’iy to‘siqlarga uchrayotgani yuzasidan Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkor prezidentning joriy yil 3-fevraldagi farmoniga (PF-18-son) asosan, Qorovulbozor tumani “Jarqoq” MFY hududidan 142,7 gektar yerni auksion orqali ijara huquqi asosida sotib olgan. Biroq tuman muassasasi g‘alla ekish bo‘yicha shartnoma imzolanmaganini vaj qilib, ekinga suv yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ygan. Qolaversa, tuman hokimligi mansabdor shaxslari tadbirkor faoliyatiga aralashib, uni majburiy tartibda g‘alla ekishga undagan.
Mazkur farmon talablariga muvofiq, auksion g‘olibiga ekin turlarini mustaqil belgilash, jumladan, paxta va g‘allani faqat o‘zi ma’qul deb hisoblagan taqdirdagina yetishtirish hamda kafolatlangan hajmda suv olish huquqi berilgan.
Holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan Qorovulbozor tumani hokimligiga tadbirkor faoliyatiga noqonuniy aralashmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirish kiritildi. Shuningdek, Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga tadbirkorning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha tegishli xulosa berildi.
Ma’lum qilinishicha, “J.F.A.” MChJ hamda Qorovulbozor tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM o‘rtasida shartnoma imzolanib, tadbirkorning qonuniy manfaatlari to‘liq tiklanishi ta’minlangan.
Avvalroq Buxoroda tadbirkorga nisbatan ortiqcha hisoblangan qarzdorlik bekor qilingani haqida xabar berilgandi.