Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni O‘zbekfilm kinostudiyasida kino sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida yozgandi.

Prezident kino sohasida davlat boshqaruvining ixcham va zamonaviy tizimiga o‘tishga qaratilgan bir qator islohotlarni e’lon qildi. Yangi yondashuv kino ishlab chiqarish va moliyalashtirish sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratiladi.

Kinematografiya agentligi tugatiladi, kino sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish esa bevosita Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi. Buning uchun vazirlik tuzilmasida Kinoindustriya departamenti tashkil etiladi.

Departament rahbarining maqomi vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Mutasaddilarga bir oy ichida departament faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, Kinematografiya agentligi va uning tuzilmalarini tugatishni ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, O‘zbekfilm kinostudiyasining tashkiliy va iqtisodiy modeli yangilanadi. U davlat muassasasidan zamonaviy biznes yondashuvlari asosida faoliyat yuritadigan milliy kinokompaniyaga aylantiriladi.

O‘zbekfilm yangi maqomda milliy kino brendini yaratish uchun tayanch markaz va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha bosh operatorga aylanadi. Shu bilan birga, filmlarni bevosita ishlab chiqarish xususiy studiyalarga topshiriladi.

Milliy kinokompaniya loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish va tarqatish, eksport qilish hamda xalqaro festivallarda namoyish etish uchun javobgar bo‘ladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, buning natijasida kino ishlab chiqarishdan tortib, uni tomoshabinlarga yetkazishgacha bo‘lgan yagona tizim yaratiladi. Kompaniyani yangi formatda bir hafta ichida ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat buyurtmasi tizimi o‘rniga kino ishlab chiqaruvchilarni subsidiyalar asosida qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, davlat buyurtmachi maqomidan chiqib, ijodkorlar va xususiy sektor uchun “ishonchli hamkor"ga aylanadi.

Filmlar ishlab chiqarishda texnik topshiriqlarga emas, balki ijodiy jarayon va uning talablariga ustuvor ahamiyat beriladi. Yangi moliyalashtirish mexanizmini bir oy ichida ishga tushirish vazifasi belgilandi.


Avvalroq Spot har yili 1 ming nafar sanʼatkorga ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining yarmi qoplab berilishi haqida yozgandi.