Islom moliyasiga muvofiqlik bo‘yicha kengash (IFCB) IMAN Invest kompaniyasi bilan barcha hamkorlikni to‘xtatdi. Bu haqda kengash a’zosi Mahmud Usmon o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, tekshiruv davomida kompaniyada islom moliyasi mezonlari, ichki hujjatlar va O‘zbekiston qonunchiligiga zid moliyaviy operatsiyalar aniqlangan. Biroq, IMAN Invest asoschisi Rustam Rahmatov bildirilgan ayblovlarni rad etdi.
IFCB nimalarni aniqlagan?
Mahmud Usmonning aytishicha, IFCB shu kungacha IMAN Invest faoliyatining halolligi bo‘yicha yakuniy xulosa bermagan. Kompaniya tadbirlarida ham kengash vakillari tekshiruv davom etayotganini va shariat auditi yakunlanmaganini ta’kidlab kelgan.
“Agar uning faoliyatida islom moliyasiga va fiqhiy mezonlariga muxolif bo‘lgan yoki ichki hujjatlari va qonunchilikka zid bo‘lgan xatti-harakatlar uchrasa, kompaniyaga bir oy muhlat bergach, uni jamoatchilikka e’lon qilishga va’da berganmiz. Bu bizning xalq oldidagi va’damiz bo‘lgan va biz bu kompaniya bilan tuzgan shartnomada ham mana shu band ko‘rsatilgan”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida IFCB shariat kengashiga IMAN Invest faoliyatida ko‘plab shubhali tranzaksiyalar borligini ko‘rsatuvchi hujjatlar kelib tushgan. Kengash kompaniya bilan ikki yildan ortiq hamkorlik qilgan bo‘lsa-da, mazkur tranzaksiyalar shu vaqtgacha tasdiqlash uchun taqdim etilmagan.
Shundan so‘ng muammolar ko‘lamini aniqlash va ularni bartaraf etish imkoniyatlarini o‘rganish uchun xalqaro moliyachilar, huquqshunos va shariat auditoridan iborat taftish komissiyasi tuzilgan. Mahmud Usmonning bildirishicha, uch yarim oy davomida ichki moliyaviy, huquqiy va shariat tekshiruvlari o‘tkazilgan. Moliyaviy tekshiruvning yakuniy natijalari 15-oktabr kuni ma’lum bo‘lgan.
“Kompaniya rahbariyati ularga ishonib topshirilgan pullarni Islom moliyasi mezonlariga xilof tarzda hamda kompaniya ichki hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid ravishda tasarruf etishi holatlari aniqlandi. Bu holatlarning ko‘plarini kompaniya rahbarlari tan olib, tushuntirish xati yozib ham berishdi”, — dedi u.
IFCB vakili xalqaro moliyachilar va huquqshunoslar xulosasiga tayanib, bunday operatsiyalar natijasida kompaniyada bir necha million dollarlik kamomad yuzaga kelganini bildirdi. Uning aytishicha, kompaniya mavjud savdo operatsiyalaridan qaytarish mumkin bo‘lgan mablag‘larni investorlarga to‘liq qaytargan taqdirda ham, hozir barcha investorlar oldidagi majburiyatlarini bajarishga qodir emas. Mahmud Usmon kamomadning asosiy sababi sifatida “kompaniya rahbarining noto‘g‘ri tranzaksiyalari va qarorlari"ini ko‘rsatdi.
Uning ta’kidlashicha, kompaniya muzoraba shaklida faoliyat yuritgan. Bunday modelda investorlar mablag‘lari yoki ularning bir qismi qaytarilmaydigan holatga kelganida foyda taqsimlash mumkin emas. Shuningdek, investorlar mablag‘larini shaxsiy manfaatlar, jumladan, qimmatbaho avtomobil va uy-joy sotib olish, boshqaruv xarajatlari, ish haqi, tadbirlar yoki marketing uchun sarflash mumkin emas.
Mahmud Usmonning aytishicha, shubhali operatsiyalarning ko‘pi IFCB kengashiga tekshirish va tasdiqlash uchun taqdim etilmagan. Vaholanki, tomonlar o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra, har bir bitim kengash ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun berilishi kerak edi.
Shu asosda IFCB IMAN Invest faoliyatini islom moliyasi talablariga muvofiq emas deb hisoblashini bildirdi. Kengash aniqlangan qoidabuzarliklar to‘liq bartaraf etilmaguncha, investorlarga yetkazilgan zarar qoplanib, ular bilan shartnomalar yangilanmaguncha kompaniyaga mablag‘ kiritishni shariat nuqtayi nazaridan tavsiya etmaydi.
Bundan tashqari, kengash kompaniyadan o‘z nomi, a’zolarining ismlari va suratlaridan foydalanishni to‘xtatishni talab qildi. IFCB o‘z xulosasi va uning asoslarini jamoatchilikka e’lon qilishini, shuningdek, mustaqil auditorlar va davlat idoralariga taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Mahmud Usmon quyidagi uchta savolga aniq javob berish kerakligini bildirdi:
- so‘nggi aniqlangan hujjatlar asosida kompaniya faoliyatida g‘arar, ribo va mablag‘larni noqonuniy tasarruf etish holatlari mavjud yoki mavjud emasligi;
- kamomad va unga olib kelgan omillar to‘liq o‘rganilgan-o‘rganilmagani hamda tegishli qarorlarning shariat talablariga muvofiqligi;
- investorlar ayni paytda mablag‘larini qaytarishni talab qilgan taqdirda, kompaniya ularni qaytarish imkoniyatiga egami? Agar bunday imkoniyat bo‘lmasa, mablag‘lar shariat va qonunchilikka muvofiq sarflangan yoki yo‘qligi.
IMAN Invest rahbari ayblovlarni rad etdi
Undan keyin IMAN Invest asoschisi va bosh direktori Rustam Rahmatov rasmiy munosabat bilan chiqib, Mahmud Usmon tomonidan bildirilgan ayblovlarga qo‘shilmasligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, har qanday ayblov dalillarga asoslanishi kerak.
Rahmatovning aytishicha, kompaniya Mahmud Usmon bilan ikki yarim yil davomida hamkorlik qilgan va shu davrda unga jami $100 mingdan ortiq miqdorda oylik to‘lagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishmovchilik oylik to‘lovlarni kamaytirish masalasi ko‘tarilganidan keyin boshlangan. Shuningdek, Rahmatov Mahmud Usmon kompaniyadan IMAN Holding aksiyalarining bir qismini so‘raganini, biroq sheriklar bilan maslahatlashgach, bu taklif rad etilganini bildirdi.
Rahmatovning ta’kidlashicha, kompaniya ikki yil avval ham auditdan o‘tgan va uning faoliyati halol deb topilgan. U o‘tgan yilgi va joriy yilgi faoliyat bo‘yicha audit natijalari ham e’lon qilinishini bildirdi.
Shuningdek, kompaniya bir nechta ulamolar ishtirokida shariat kengashini tuzayotganini ma’lum qildi. Rahmatovning aytishicha, bundan buyon har bir yangi xizmat va shartnoma bitta mutaxassis tomonidan emas, balki kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kengash tarkibi yaqin kunlarda e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
“Investorlarimiz va hamkorlarimiz oldidagi majburiyatlarimiz uchun mas’ulmiz va bu tushunmovchilik mas’uliyatimizni hech qanday o‘zgartirmaydi”, — dedi Rustam Rahmatov.
Shu bilan birga, u murojaatlarni kompaniyaning rasmiy kanallari yoki ofisga tashrif buyurish orqali yuborishni tavsiya qildi. Kompaniya rahbari yuzaga kelgan kelishmovchilikni qonuniy yo‘l bilan hal qilishini bildirib, u kuzatuvchilarni tekshirilmagan va isbotlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirdi.
$2,97 mln qarzdorlik va $9,5 mln muammoli kreditlar
Mahmud Usmon o‘zining Telegram kanalida e’lon qilgan bayonotida Rahmatovning o‘ziga nisbatan bildirgan ayblovlarini rad etdi. U jamoatchilikka kompaniya direktorlari yozgan tushuntirish xatlari, taftish komissiyasi qarorlari, moliyaviy operatsiyalarga oid hujjatlar va Zoom uchrashuvlarining yozuvlarini taqdim etishini bildirdi.
Usmonning ta’kidlashicha, hujjatlar kompaniyadagi moliyaviy operatsiyalar yuzasidan jamoatchilikka to‘liqroq ma’lumot berish uchun e’lon qilinadi. U investorlarni kompaniya faoliyati bo‘yicha shaffoflik va hisobdorlikni talab qilishga chaqirdi.
Xususan, IMAN Halal Investments MCHJ yagona ishtirokchisining 2026-yil 1-iyuldagi qarorida kompaniyaning moliyaviy holatini tiklash uchun taftish komissiyasi tuzish va vaqtinchalik boshqaruv organini tashkil etish belgilangan. Komissiya tarkibiga Habibulloh Ibragimov, Mahmud Usmon, Otabek Abduqodirov, Amirsaid Saidaliyev va Husayn Rajapov kiritilgan.
Qarorga ilova qilingan dastlabki audit natijalarida kompaniyaning qarzdorligi, boshqaruv xarajatlari, muammoli kreditlari va investorlar mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘tarilgan.
Boshqaruv kompaniyasi o‘z xarajatlarini qoplash uchun komandit shirkat mablag‘laridan qarz olgani qayd etilgan. 2026-yil 31-may holatiga ko‘ra, bunday qarzdorlik $2,97 mln ni tashkil etgan.
Shuningdek, boshqaruv kompaniyasining xarajatlari investorlar daromadiga ta’sir qilgani aytiladi. Hujjatda o‘rtacha oylik xarajatlar 350 ming dollar, marketing xarajatlari esa oyiga 124 minggacha yetgani ko‘rsatilgan. Umumiy xarajatlarning 60% dan ortig‘i komandit shirkat faoliyatiga bevosita aloqador bo‘lmagan faoliyat va mahsulotlarga sarflangani ham qayd etilgan. Jumladan, Imanum 5.0 taqdimoti uchun $144 ming, xususiy bank xizmatlari uchun esa $187 ming sarflangani keltirilgan.
Auditda BNPL — mahsulotlarni bo‘lib to‘lash xizmatiga tegishli portfeldagi muammoli kreditlar masalasi ham ko‘tarilgan. 2026-yil 31-may holatiga ko‘ra, qaytmaslik xavfi mavjud muammoli kreditlar miqdori $9,5 mln bo‘lib, bu portfelning taxminan 17−18% ini tashkil etadi.
Bundan tashqari, hujjatda mijozlar to‘lovlarni amalda oshirishidan oldin oylik dividendlar hisoblanib, investorlarga to‘langani haqida e’tiroz bildirilgan. IRR zaxira fondiga mablag‘ yo‘naltirish orqali investorlarning joriy daromadi kamaytirilgani ham qayd etilgan.
Qarorda kompaniyaning moliyaviy holatini tiklash uchun olti oy muddatga vaqtinchalik boshqaruv kollegial ijro organi tashkil etilishi ham nazarda tutilgan. Uning tarkibiga moliyaviy hisobotlarni tahlil qilish, xodimlar soni va mehnat xarajatlarini maqbullashtirish, shuningdek, BNPL portfelidagi xavflarni boshqarish bo‘yicha mutaxassislar kiritilishi belgilangan.
Shuningdek, Rustam Rahmatovga kompaniyaning moliyaviy, buxgalteriya, kadrlar va shartnomaviy hujjatlarini taqdim etish hamda taftish komissiyasi va vaqtinchalik boshqaruv organining faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish topshirilgan.
Qarorda vaqtinchalik boshqaruv organining oldindan yozma roziligisiz belgilangan chegaradan ortiq summadagi bitimlarni tuzmaslik, yangi xodimlarni ishga qabul qilmaslik va ish haqi hamda mukofotlarni oshirmaslik kabi cheklovlar ham belgilangan.
Rahmatov uchun $128 minglik Mercedes
Yana bir hujjat — 3-iyul kuni tuzilgan taftish komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2026-yil 10-aprelda investorlar mablag‘lari hisobidan FOUNDERS TRUST 1 MCHJ hisob raqamiga $128 ming o‘tkazilgan. Hujjatda bu mablag‘ Mercedes-Benz S500 avtomobilining bozor qiymatiga teng ekani va avtomobil kompaniya ta’sischisi Rustam Rahmatov uchun xarid qilingani aytilgan. Mahmud Usmon avtomobil rasmlarini ilova qilgan.

Komissiya avtomobil xaridi investorlar manfaatlariga muvofiq emas, degan xulosaga kelgan. Qarorda avtomobilni sotish va tushgan mablag‘ni komandit shirkat hisob raqamiga qaytarish, shuningdek, Rahmatovdan tegishli qarzdorlikni undirish bo‘yicha choralar belgilangan.
Hujjatda Rahmatov bilan 2023-yil 1-dekabrda tuzilgan BYD Champion avtomobilini oldi-sotdi shartnomasi ham tilga olingan. Unga ko‘ra, avtomobil narxi 420 mln so‘m, to‘lov muddati esa 36 oy etib belgilangan. Shartnoma tuzilgan paytda 120 mln so‘m oldindan to‘langan.
Taftish komissiyasi qarorida 2025-yil 4-may holatiga ko‘ra, to‘lovlar to‘liq amalga oshirilmagani va qarzdorlik yuzaga kelgani qayd etilgan. Hujjatda shu sanaga qadar muddati o‘tgan to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik 306,5 mln so‘mdan ortiq, jami qarzdorlik esa 366,9 mln so‘mdan ziyod bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Komissiya Rahmatovga qarzdorlikni belgilangan muddatda to‘lash, aks holda shartnomani bekor qilish, avtomobilni qaytarib olish yoki qolgan qarzdorlikni undirish choralarini ko‘rishni topshirgan.
$20 mlnlik kamomad
Shu bilan birga, Mahmud Usmon Rustam Rahmatovning bayonotiga javob berdi. U Rahmatovning o‘ziga kompaniya ulushini so‘ragani haqidagi da’volarini rad etib, kompaniya faoliyatiga oid hujjatlarni jamoatchilikka taqdim etishini bildirdi.
Mahmud Usmonning aytishicha, Rahmatov IFCB tomonidan bildirilgan moliyaviy e’tirozlarga javob berish o‘rniga uning shaxsiyatini obro‘sizlantirishga uringan. U Rahmatovning o‘ziga kompaniya ulushini bermagani yoki oylik to‘lovlarini kamaytirgani sababli jamoatchilikka chiqishga qaror qilgani haqidagi da’volarini rad etdi.
IFCB kengashi a’zosi Rahmatovning bayonotlari yuzasidan tegishli idoralarga, jumladan, sudga murojaat qilib, o‘z huquqlarini himoya qilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IFCB qo‘lidagi moliyaviy operatsiyalarga oid hujjatlar prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlarga ham yuborilgan. Uning ta’kidlashicha, hujjatlarning ayrimlarida Rahmatovning imzosi bor.
“Hujjatlarda $20 mln kamomad borligi aytilgan. Bu mening gapim emas, moliyachilarning xulosasi. U o‘sha joyda o‘tirib buni tasdiqlagan va hujjatlarni imzolagan”, — dedi Mahmud Usmon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning taxminan $70 mlnlik portfelida $20 mlnlik kamomad borligi haqidagi muhokamalar aks etgan videoyozuvlar ham e’lon qilinadi.
26-oktabr kuni IMAN Invest kompaniyasi Rustam Rahmatovning videomurojaatini Telegram kanalidan o‘chirib tashlab, buni “o‘z sahifalarida shaxsiy masalalar muhokama qilinmasligi” bilan izohladi. Shu bilan birga bu “kompaniyaga nisbatan bildirilgan da’volar tan olingani"ni bildirmasligi qayd etilgan.
“Kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Lekin ular ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar bilan emas, hujjatlar, dalillar va qonun asosida hal bo‘lishi kerak. Kompaniya faoliyati bo‘yicha ko‘tarilgan jiddiy savollarni mustaqil tekshiruv asosida ko‘rib chiqishga tayyormiz”, — deyiladi xabarda.

