Toshkent viloyatidagi Chirchiq shahar oqova suv tozalash inshooti faoliyatida bir qator ekologik qonunbuzarliklar aniqlangan. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Tekshiruvga Chirchiq daryosida qizil rangli suv oqayotgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatlar sabab bo‘lgan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Qibray tumanida joylashgan Toshkent viloyati suv ta’minotiga qarashli inshootda 14−23-sentabr kunlari tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda biologik tozalashga ixtisoslashgan inshoot bo‘yoq ishlatiladigan to‘qimachilik korxonalari hamda kimyoviy moddalar bilan ishlaydigan korxonalardan me’yordan ortiq ifloslangan oqova suvlarni qabul qilgani aniqlangan. Bundan tashqari, aeratsiya va cho‘kindilarni tindirish tizimlaridagi nosozliklar tufayli inshootning tozalash samaradorligi atigi 27,7% ni tashkil etgan.

Shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi G‘azalkent shaharchasidan kelayotgan oqova suvlar tozalash inshootiga yuborilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Chirchiq daryosiga oqizilgani ma’lum bo‘lgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan kompensatsiya to‘lovlari hisoblangan. Jumladan, korxonaning ayrim davrlar uchun kompensatsiya hisobotlarini topshirmagani va fon monitoring stansiyasi o‘rnatilmagani ham qayd etilgan.

Tekshiruv yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Hisoblangan kompensatsiya to‘lovlarini undirish maqsadida iqtisodiy sudga da’vo kiritish ishlari olib borilmoqda.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, jamiyat rahbari tekshiruv dalolatnomasiga imzo qo‘yishdan bosh tortgan.


Avvalroq Spot Nurafshonda oqova suv inshooti qurilishida 13,9 mlrd so‘m talon-toroj qilingani haqida yozgandi.