AQSHning sakkizta shtati bosh prokurorlari ChatGPT chat-botini ishlab chiqqan OpenAI kompaniyasiga qarshi alohida da’volar kiritdi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Ular kompaniyani foydalanuvchilar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar xavfsizligini yetarlicha ta’minlamaslik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzishda ayblamoqda.

Da’volar 14-oktabr kuni Ayova, Kanzas, Arizona, Arkanzas, Aydaho, Montana, Nebraska va G‘arbiy Virjiniya shtatlarida berilgan.

Bosh prokurorlarning ta’kidlashicha, ChatGPT ayrim hollarda xavfli tibbiy maslahatlar berishi, foydalanuvchilarning zararli yoki noto‘g‘ri qarashlarini kuchaytirishi, o‘ziga yoki boshqalarga zarar yetkazishga undovchi javoblar berishi mumkin. Da’vogarlarga ko‘ra, chatbotning samimiy va do‘stona muloqot uslubi foydalanuvchilarda unga nisbatan ortiqcha ishonch uyg‘otadi.

Shuningdek, da’volarda chatbotning voyaga yetmaganlar orasida nosog‘lom odatlarni shakllantirishi, tanqidiy fikrlashga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va ayrim foydalanuvchilarning ruhiy holatini yomonlashtirishi mumkinligi haqidagi tadqiqotlarga tayanilgan.

Shtatlar OpenAI’dan voyaga yetmaganlar uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirish, chatbot faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunlariga rioya etishni talab qilmoqda. Da’vogarlar, shuningdek, kompaniyadan jarimalar va yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirishni so‘ramoqda.

Da’volarda sun’iy intellektning o‘zini takomillashtira oladigan modellarini ishlab chiqishga ham cheklov qo‘yish talabi bor.

Bunda kompaniya bunday modellar insoniy qadriyatlarga mos ishlashini kafolatlamaguncha ularni ishlab chiqishni to‘xtatish taklif etilgan.

Qayd etilishicha, bu ayblovlar hozircha sudda isbotlangan emas va da’volar bo‘yicha yakuniy qaror chiqarilmagan.


Avvalroq Spot OpenAI ilg‘or SI modellarini o‘qitishni nazorat yo‘qolgani sababli zudlik bilan to‘xtatgani haqida yozgandi.