Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytida tadbirkor Qahramonjon Olimov nomiga berilgan qidiruv xabarnomasi endi ko‘rinmayapti.

O‘zbekiston sentabr oyi oxirida biznesmenni xalqaro qidiruvga berganini rasman ma’lum qilgan. Xabarnomada Olimov 1977-yil 7-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgani, o‘zbek, rus va ingliz tillarida gaplashishi ko‘rsatilgandi.

Biroq saytda uni qidiruvga berish sababi ko‘rsatilmagan. Odatda ayblov mazmuni qidiruvni so‘ragan tomon taqdim etgan shaklda keltiriladi.

Olimovga nisbatan “qizil bildirishnoma” (Red Notice) e’lon qilingandi. Bu turli davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlariga shaxsning qayerdaligini aniqlash va uni keyinchalik ekstraditsiya qilish yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa choralarni ko‘rish uchun vaqtincha ushlab turish haqidagi so‘rovdir.

Bu xalqaro hibsga olish orderi emas: shaxsni hibsga olish to‘g‘risidagi qaror muayyan mamlakat qonunchiligiga muvofiq qabul qilinadi. Interpol ham qidiruvga berilgan shaxsni tashkilotning o‘zi emas, balki so‘rov yuborgan davlat qidirayotganini ta’kidlaydi.

Olimovga nisbatan sirtdan hibsga olish va uni xalqaro qidiruvga berish haqidagi ma’lumotlar ilk bor 18-sentabr kuni The Insider nashri xabaridan ma’lum bo‘lgan. Biroq o‘sha paytda Spot Interpol saytida tegishli qidiruv kartochkasini topmagan.

Avvalroq Spot xususiy Anorbank va uning ta’sischisi Qahramonjon Olimov atrofida yuz berayotgan voqealar haqida batafsil ma’lumot bergan.

Qahramonjon Olimov kim?

KTYDR maʼlumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lib, bank aksiyalarining 49,4% iga egalik qiladi. Yana 50% aksiya Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6% i esa Kapital Sug‘urtaga tegishli.

interpol, qahramonjon olimov

Yaqin vaqtgacha Olimov Anorbankning 99,4% aksiyasiga bevosita egalik qilgan, biroq 2025-yil dekabr oyida aksiyalarning nazorat paketini Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasiga o‘tkazgan. Natijada uning bankdagi ulushi 99,4% dan 49,4% gacha kamaygan.

Qahramonjon Olimov 1977-yilda tug‘ilgan. U 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini “Moliya va kredit” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2012-yilda esa O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabida tahsil olib, biznes boshqaruvi magistri (MBA) darajasini olgan.

Banklarning pozitsiyasi

Anorbank sentabr oyida Spot so‘roviga javoban rasmiy izoh berdi. Kredit muassasasining ta’kidlashicha, alohida aksiyadorning shaxsiy hayotidagi holatlar bank faoliyati, uning kapitali, boshqaruvi yoki bank operatsiyalari bilan bog‘liq emas.

Bank belgilangan tartibda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, deyiladi javobda. Bank faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy kanallar orqali va qonunchilik talablariga muvofiq e’lon qilinadi.

Markaziy bank ham alohida aksiyador bilan bog‘liq vaziyat Anorbankʼning joriy operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligiga bevosita taʼsir ko‘rsatmasligini maʼlum qildi.

Regulyatorning xabar berishicha, bank depozit, kredit, to‘lov va boshqa xizmatlarni uzluksiz taqdim etishda davom etmoqda, mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarmoqda va faoliyat uzluksizligini ta’minlamoqda.

2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, Anorbank aktivlari 21,4 trln so‘mni, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mni tashkil etdi.

Yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi minimal talab 10% bo‘lgan holda 16,9% ni tashkil etdi. Likvidlikni qoplash normativi (LCR) 116% ni, sof barqaror moliyalashtirish normativi (NSFR) esa minimal talab 100% bo‘lgan holda 128% ni tashkil etdi.

Bankning regulyativ kapitali yetarlilik koeffitsiyenti minimal talab 12% bo‘lganida 13% ni tashkil etdi.

Markaziy bankning qayd etishicha, ushbu ko‘rsatkichlar Anorbank likvidlik va kapital yetarliligi bo‘yicha amaldagi prudensial talablarga rioya qilayotganidan dalolat beradi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston tadbirkor Mo‘minjon Yo‘ldoshevga xalqaro qidiruv e’lon qilgani haqida yozgandi.