So‘nggi kunlarda xorijiy nashrlarda xususiy Anorbank va uning taʼsischilaridan biri Qahramonjon Olimov atrofida turli xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan bankning o‘zi va Markaziy bank izoh berdi, regulyator Anorbankning moliyaviy holati haqida alohida ma‘lumot taqdim etdi.

Shu bilan birga, Spot Rossiyaning The Insider internet-nashri tomonidan e‘lon qilingan ma‘lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaydi. Material e‘lon qilingan vaqtda vaziyat yuzasidan rasmiy izoh kelib tushmagan edi. Nashrda tilga olingan tadbirkorlarning hech biri holat bo‘yicha ochiq izoh bermagan.

The Insider nima deb yozdi?

18-sentyabr kuni The Insider nashri 2025-yilning yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani xabar qilingan Qahramonjon Olimovning o‘zi endilikda go‘yoki odam o‘g‘irlashda ayblanayotganini yozdi. Nashr ma‘lumotlariga ko‘ra, Olimov O‘zbekistonda sirtdan qamoqqa olingan va xalqaro qidiruvga berilgan (Spot Interpol saytida tegishli e‘lonni topa olmadi). The Insider bu ma‘lumotlarni “Olimovning atrofiga yaqin manba"ga tayanib keltirmoqda.

Nashrning o‘zi ham ish bo‘yicha rasmiy ma‘lumot yo‘qligini qayd etgan. Uning anonim manbasiga ko‘ra, Olimov jinoyat tashkilotchisi sifatida “o‘zining sobiq ish beruvchisi va iqtisodiy nizodagi raqibi Botir Rahimov"ni (Kapitalbank muassisi, “Paxtakor” futbol klubining sobiq prezidenti va O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi) ko‘rsatish uchun Fransiyada o‘zining o‘g‘irlanishini sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. Gazeta‘ning yozishicha, 2017-yilda Olimov Kapitalbank‘da boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan va u yerda 36,06% ulushga ega bo‘lgan.

anorbank, botir rahimov, kapital bank, markaziy bank, qahramonjon olimov

Foto: Kakhramon Olimov / LinkedIn

The Insider nashrining yozishicha, Olimov endilikda go‘yoki Rahimovga tuhmat qilib, uni o‘zining o‘g‘irlanishini tashkil etishda ayblaganlikda, so‘ngra kuchishlatar tizimlari yordamida Rahimovning o‘g‘irlanishini o‘zi tashkil etganlikda ayblanmoqda. Nashr manbasi versiyasiga ko‘ra, bu Rahimovni jinoiy ta‘qib tahdidi ostida Olimovga nisbatan moliyaviy da‘volaridan voz kechishga majbur qilish uchun qilingan bo‘lishi mumkin.

Rahimov avvalroq Olimovni o‘ziga tegishli biznes-aktivlarini o‘zlashtirishda ayblagan va $200 mln dan ortiq tovon puli talab qilgan, deb yozadi The Insider.

Anorbank munosabati

Anorbank aksiyadorlaridan biri haqida ma‘lumotlar tarqalishi fonida bank gap uning kapitaliga, boshqaruviga yoki operatsion faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy masalalar haqida ketayotganini ma‘lum qildi.

“Ushbu masalalarni bank faoliyati bilan aralashtirish noto‘g‘ri va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir”, — deyiladi bank bayonotida.

Anorbank, shuningdek, bu masala bo‘yicha bankka rasmiy tasdiq yoki so‘rovlar kelib tushmaganini ma‘lum qildi. Bankning ta‘kidlashicha, turli manbalarda tarqalayotgan ma‘lumotlar rasmiy ma‘lumotlar bilan mustahkamlanmagan va vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanmagan.

Bank odatdagi rejimda ishlashda davom etayotganini ta‘kidladi: barcha bank operatsiyalari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar odatdagi tartibda bajarilmoqda.

“Mijozlar, hamkorlar va jamoatchilikni tekshirilmagan hamda anonim manbalar tomonidan tarqatilayotgan materiallarga tanqidiy yondashishga va faqat rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangan ishonchli ma‘lumotlarga tayanishga chaqiramiz”, — deyiladi bank izohida.

KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a‘zosi bo‘lib, bankning 49,4% aksiyalariga egalik qiladi. Yana 50% i Niderlandiyaning Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6% i esa Kapital Sug‘urta kompaniyasiga tegishli.

Qahramonjon Olimov 1977-yilda tug‘ilgan. 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini Moliya va kredit mutaxassisligi bo‘yicha, 2012-yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlab, biznes boshqaruvi magistri darajasini olgan.

anorbank, botir rahimov, kapital bank, markaziy bank, qahramonjon olimov

Markaziy bank izohi

Markaziy bank ham alohida aksiyador bilan bog‘liq vaziyat Anorbank‘ning joriy operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligiga bevosita ta‘sir ko‘rsatmasligini ma‘lum qildi.

Regulyatorning xabar berishicha, bank depozit, kredit, to‘lov va boshqa xizmatlarni uzluksiz taqdim etishda davom etmoqda, mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarmoqda va faoliyat uzluksizligini ta‘minlamoqda.

2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, Anorbank aktivlari 21,4 trln so‘mni, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mni tashkil etdi.

Yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi minimal talab 10% bo‘lgan holda 16,9% ni tashkil etdi. Likvidlikni qoplash normativi (LCR) 116% ni, sof barqaror moliyalashtirish normativi (NSFR) esa minimal talab 100% bo‘lgan holda 128% ni tashkil etdi.

Bankning regulyativ kapitali yetarlilik koeffitsiyenti minimal talab 12% bo‘lganida 13% ni tashkil etdi.

Markaziy bankning qayd etishicha, ushbu ko‘rsatkichlar Anorbank likvidlik va kapital yetarliligi bo‘yicha amaldagi prudensial talablarga rioya qilayotganidan dalolat beradi.

Fransiyadagi odam o‘g‘irlash voqeasi

Olimov bilan bog‘liq voqea 2025-yilning yozida, fransuz OAVlarining xabar berishicha, u Parij markazida o‘g‘irlab ketilgani, shundan so‘ng avval noma‘lum joyga, keyin esa Nitssa yaqinidagi villaga olib ketilganini ma‘lum qilganidan so‘ng keng shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda uni kaltaklashgan, qiynoqqa solishgan va $10 mln talab qilishgan. $5 mln lik tilxatni imzolashga rozi bo‘lib, $200 ming berganidan keyin uni qo‘yib yuborishgan va shundan so‘ng u politsiyaga murojaat qilgan.

2025-yil noyabr oyida The Insider Fransiyaning L‘Express nashri bilan hamkorlikda ushbu voqea yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi. Nashrlarning ta‘kidlashicha, Olimovning versiyasida “ko‘plab qarama-qarshiliklar” va “sahnalashtirish ehtimoli belgilari” aniqlangan.

anorbank, botir rahimov, kapital bank, markaziy bank, qahramonjon olimov

Foto: Sport vazirligi

Nashr, shuningdek, voqeani Olimov va Rahimov o‘rtasidagi ko‘p yillik moliyaviy mojaro bilan bog‘laydi. Surishtiruv ma‘lumotlariga ko‘ra, Rahimov 2016-yilda O‘zbekistondan Turkiyaga jo‘nab ketganidan so‘ng, uning biznesining katta qismi Olimov boshqaruviga o‘tgan va keyinchalik Rahimov o‘zi uchun o‘ta noqulay deb hisoblagan bitim natijasida uning mulkiga aylanib ketgan. O‘zbekistonga qaytgach, u bitimni qayta ko‘rib chiqishga harakat qila boshladi va Olimovdan $200 mln dan ortiq tovon puli talab qildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston banklari yarim yil ichida 461 mlrd so‘mlik 18 mln ta firibgarlik operatsiyasining oldini olgani haqida yozgandi.