Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi NURA Electric zavodiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tashrif davomida energetika sohasidagi loyihalarni ishlab chiqishda mahalliy loyiha institutlarining ulushini kamida 50% ga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda hududlarda energetikaga ixtisoslashgan loyiha institutlarining filiallari tashkil etiladi.

“O‘zimizning loyihachilarimizga ishonishimiz, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Xorijda o‘qigan, tajriba orttirgan yoshlarimiz bor. Ularning atrofida mutaxassislarni birlashtirib, buyurtma bilan ta’minlasak, bu sohani rivojlantirishga qodirmiz”, — dedi prezident.

Shuningdek, prezident zavodga ichki bozor bilan birga Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy bozorlarga eksportni kengaytirishni tavsiya qildi.

“Biz faqat mahsulot emas, injiniring xizmatlarini ham eksport qilishimiz kerak”, — dedi u.

NURA Electric yuqori va past kuchlanishli elektrotexnika uskunalarini to‘liq texnologik sikl asosida ishlab chiqaradi. 20 gektar maydonda qurilgan zavodga $50 mln investitsiya kiritilgan va 1 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.

investitsiya, nura, prezident, shavkat mirziyoyev

Korxona 1,5 mingdan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqaradi. Ular orasida 0,4−500 kV kuchlanishli taqsimlash qurilmalari, nimstansiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun avtomatika shkaflari, elektr shinalar va metall konstruksiyalar bor. Zavodning yillik quvvati 25 mingdan ortiq uskunani tashkil etadi.

Zavodda Yaponiyaning Amada hamda Turkiyaning Durma va Teslabend kompaniyalariga tegishli 120 dan ortiq dastgoh va press o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish SAP ERP platformasi orqali boshqariladi. Jarayonlarni optimallashtirish va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxi 10% gacha pasaytirilgan.

Korxona O‘zenergoinjiniring va Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik qiladi. Har yili universitetning 100 dan ortiq talabasi zavodda haq to‘lanadigan amaliyot o‘taydi.

Avvalroq xalqaro tenderlarda qatnashadigan korxonalarga bank kafolati berish tartibi soddalashtirilishi haqida xabar berilgandi.