O‘zbekiston Qozog‘iston va Xitoy bilan aviaqatnovlar sonini oshiradi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Joriy yilning 3−5-noyabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo — Xitoy (C5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Ishchi guruhining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston aviatsiya ma’muriyatlari hamda aviakompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda “Havo ipak yo‘li"ni barpo etish, Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi aviatsiya hamkorligini rivojlantirish, havo transporti bozorini liberallashtirish, qonunchilikni uyg‘unlashtirish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, fuqaro aviatsiyasi infratuzilmasini rivojlantirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, sohaga “yashil” va “aqlli” texnologiyalarni keng joriy etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda muntazam yuqori darajadagi uchrashuvlar mexanizmini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish doirasida ishtirokchi davlatlar o‘rtasida aviaqatnovlarni yanada kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazildi.

Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunida quyidagi kelishuvlarga erishildi:

  • Toshkent — Olmaota va Toshkent — Ostona yo‘nalishlarining har birida muntazam parvozlar sonini haftasiga 42 tadan 60 tagacha oshirish;
  • boshqa barcha yo‘nalishlarda parvozlar sonini haftasiga 14 tadan 20 tagacha ko‘paytirish.

Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida ikki davlat o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini haftasiga 100 tadan 114 tagacha oshirish huquqi berildi. Erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida tegishli hujjatlar imzolandi.

Mazkur kelishuvlar O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya bozoridagi mavqeini mustahkamlash, mamlakatning mintaqaviy va xalqaro transport-logistika aloqalarini kengaytirish, yo‘lovchilar uchun safar imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va turistik aloqalarni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishini 2027-yilda Qirg‘izistonda o‘tkazish belgilandi.


Avvalroq Spot Toshkent va Varshava o‘rtasida aviaqatnovlar soni oshirilishi mumkinligi haqida yozgandi.