O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov Polsha muftiysi Tomash Mishkevich bilan turizm va madaniy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy va islomiy merosini Polshadagi musulmon jamoalari orasida targ‘ib qilish masalalariga e‘tibor qaratildi.
Xususan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosi hamda Samarqand, Buxoro va Toshkentdagi ziyoratgohlarni tanitish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazining mamlakat ziyorat turizmini rivojlantirish va tarixiy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishdagi ahamiyati ta‘kidlandi.
Tomonlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini Polshadagi ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalarda keng yoritish, blogerlar hamda jurnalistlar uchun axborot-tanishuv safarlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat turizm sohasi tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlarini o‘tkazish hamda Varshava−Toshkent−Varshava yo‘nalishida aviareyslar sonini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Polsha vakillari noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro turizm yarmarkasiga taklif etildi.
Spot avvalroq Toshkent va Manama o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.