Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi prognozini 2026-yil uchun 6,8% dan 7,8% gacha, 2027-yil uchun esa 6% dan 6,5% gacha oshirdi. Bu haqda jamg‘armaning oktabr oyidagi prognozida keltirilgan.
Yangi baholashga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti aprel oyidagi kutilmalardan 1 foiz punktga, 2027-yilda esa 0,5 foiz punktga tezroq o‘sadi. 2025-yilda mamlakat real yalpi ichki mahsuloti (YIM) 7,7% ga o‘sgan.
Oktabr prognoziga ko‘ra, O‘zbekistonda iste’mol narxlari 2026-yilda 6,9%, 2027-yilda esa 5,7% ga oshadi. Aprel prognozida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 6,8% va 5% etib belgilangan edi. Demak, inflyatsiya prognozi 2026-yil uchun 0,1 foiz punktga, 2027-yil uchun esa 0,7 foiz punktga oshirilgan.
Jamg‘arma ishsizlik darajasi pasayishda davom etishini kutmoqda: 2025-yildagi 4,8% dan 2026-yilda 4,3% gacha, 2027-yilda esa 3,8% gacha tushishi prognoz qilinmoqda.
XVJ bahosiga ko‘ra, to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 2026-yilda YIMning 5,1% ini, 2027-yilda esa 4,6% ini tashkil etadi. Aprel prognozida taqchillik 2026-yilda 3,2% gacha qisqarishi, 2027-yilda esa 3,6% gacha oshishi kutilgan edi.
Shunday qilib, yangi prognoz joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi har ikki yilda ham avval kutilganidan yuqori bo‘lishini ko‘rsatmoqda: 2026-yilda 1,9 foiz punktga, 2027-yilda esa 1 foiz punktga.
2025-yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YIMning 3,9% ini tashkil etgan. XVJ aprel oyidagi hisobotida taqchillikning qisqarishini xomashyo va boshqa tovarlar eksportining yuqori hajmi hamda pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi bilan izohlagan.
Avvalroq Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston kapital harakatini yanada kengroq liberallashtirishga tayyorlanayotgani haqida aytgandi.