O‘zbekiston kapital harakati hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni yanada kengroq liberallashtirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, taxminan 10 yil avval mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirishning keng ko‘lamli bosqichi boshlangan. Markaziy bank uchun asosiy yo‘nalishlardan biri valyuta bozorini erkinlashtirish bo‘ldi: joriy hisobvaraq operatsiyalari bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi va valyutaning erkin konvertatsiyasi ta‘minlandi.

Ayni paytda kapital harakati hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar ancha konservativ tarzda tartibga solinmoqda. Parallel ravishda Markaziy bank valyuta rejimi va pul-kredit siyosatini bosqichma-bosqich takomillashtirib, inflyatsion targetlash rejimiga o‘tdi.

“Albatta, keyingi qadam endi kapital harakati hisobvarag‘ini yanada kengroq liberallashtirishga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat”, — dedi Ishmetov.

U joriy yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning valyuta rejimini erkin suzuvchi deb qayta tasniflaganini ta‘kidladi. MB rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat kelgusi yilda 5% lik inflyatsiya ko‘rsatkichiga erishishni rejalashtirmoqda. Hozirda inflyatsiya 6,5% ni tashkil etmoqda.

Ishmetov islohotlarning dastlabki bosqichida inflyatsiya 20% gacha tezlashganini ma‘muriy tartibga solinadigan narxlardan bozor narxlariga o‘tilgani bilan izohladi. Islohotlar boshlangunga qadar turli tovar va xizmatlar bozorlarida, jumladan, valyuta va energetika sohalarida narxlar davlat tomonidan tartibga solinar va bozor darajasini aks ettirmas edi.

kapital bozori, markaziy bank, regulyator, timur ishmetov, xalqaro valyuta jamg'armasi

Kapitalning erkinroq harakatiga o‘tish uchun hukumat islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ishmetovning aytishicha, O‘zbekiston bunday o‘zgarishlarning izchilligi masalasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan maslahatlashyapti.

Markaziy bank kapital harakati hisobvarag‘i sohasidagi islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlab bo‘ldi. Hujjat hozirda idoralararo kelishilmoqda va bu jarayon yakunlangach, uni e‘lon qilish rejalashtirilgan. Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, bu investorlarga hukumatning keyingi qadamlarini tushunishga imkon beradi va jarayon shaffofligini oshiradi.

Shu bilan birga, Markaziy bank rahbari birinchi qadam sifatida institutlarni mustahkamlash, himoya mexanizmlarini yaratish va risklarni puxta boshqarishni ta‘minlashni ko‘rsatib o‘tdi.

“Investor nuqtayi nazaridan, biz ko‘proq erkinlik berishimiz kerak, biroq ayni paytda — ham investorlar, ham o‘zimiz uchun — barqarorlikni ta‘minlashimiz lozim”, — dedi u.

Ishmetov kapital harakati hisobvarag‘ini erkin liberallashtirish istalmagan tebranishlar, risklar va valyuta kursiga bosimga olib kelishi mumkinligini ta‘kidladi. Shu bois, uning so‘zlariga ko‘ra, vazifa — kapital harakati hisobvarag‘ini yana-da ochishdan avval ushbu risklarni boshqarish imkoniyatini ta‘minlashdan iborat.

Spot, avvalroq, Timur Ishmetov stavka bo‘yicha hukumat bosimi yo‘qligini aytgani haqida yozgandi.