Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 31-dekabrgacha kichik va o‘rta biznes uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi amal qiladi. Amnistiya doirasida iqtisodiy amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi 2026-yil oxirigacha to‘liq to‘lansa, ushbu qarzdorlik bo‘yicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi va u bilan bog‘liq ijro ishlari tugatiladi.

Shuningdek, tadbirkor avval topshirgan soliq hisobotiga mustaqil ravishda tuzatish kiritib, qo‘shimcha hisoblangan soliqni 31-dekabrgacha to‘liq to‘lasa, ushbu summa uchun penya hisoblanmaydi.

Tadbirkorlar soliqlar va yig‘imlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ham ozod qilinadi. Amnistiya doirasida xatolarini mustaqil ravishda bartaraf etgan tadbirkorlarning barqarorlik reytingidagi ballari pasaytirilmaydi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvargacha shakllangan ayrim qarzdorliklar hisobdan chiqariladi. Jumladan, soliq hisobotini o‘z vaqtida topshirmaganlik uchun qo‘llangan ma’muriy jarima hamda qat’iy belgilangan miqdordagi aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchilarga qo‘llangan moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi bekor qilinadi.

Avval rasmiylashtirilgan mehnat shartnomalarini Yagona milliy mehnat tizimiga kechiktirib kiritishga ham ruxsat beriladi va buning uchun jarima qo‘llanmaydi.

Farmonda tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarda “tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi” joriy etilishi ham belgilangan. Unga ko‘ra, davlat organi aksi isbotlamaguncha tadbirkor qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.

Nizolar yuzaga kelganda esa davlat organi o‘z qarori yoki tadbirkorga nisbatan qo‘llangan choraning qonuniyligi, asosliligi va mutanosibligini, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyat va noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi.

Bundan tashqari, ma’muriy sud davlat organiga o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishni yuklasa, sudning ushbu masala bo‘yicha huquqiy pozitsiyasi davlat organi uchun majburiy hisoblanadi.

Avvalroq Spot tadbirkorlarga jarimalarni 6 oy davomida bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgan edi.