Prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha farmon qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy e‘lon qilindi.

Bunda jinoyat ishi doirasida, inson sog‘lig‘iga ta‘sirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish, fuqarolar murojaatlari, QQSni qoplash (qaytarish) hamda tadbirkorlik subyekti tugatilishi bilan bog‘liq tekshiruvlar bundan mustasno.

Moratoriy amal qiladigan davrda kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini noqonuniy tekshirgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, Biznes-ombudsman tomonidan “Samarali nazorat” tadbiri o‘tkaziladi. Uning doirasida nazorat organlarining so‘nggi uch yildagi tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda o‘rganiladi.

Qonunbuzilishlar aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilib, noqonuniy tekshiruvlar natijasida buzilgan tadbirkorlar huquqlarini tiklash choralari ko‘riladi.

2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 31-dekabrgacha o‘rta va yirik tadbirkorlar uchun huquqiy eksperiment tariqasida tashabbus tarzidagi audit mexanizmi joriy etiladi.

Bunda tadbirkor auditorlik tashkilotini jalb qilib, soliqlar va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblanishi hamda to‘lanishini tekshirtirishi, auditorlik xulosasi esa soliq organi tomonidan tan olinishi mumkin bo‘ladi.

Audit o‘tkazilgan davr uchun soliq organlari soliq auditi o‘tkazmaydi. Aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun ichida bartaraf etilsa, tadbirkorga moliyaviy jarima qo‘llanmaydi.

Bunday auditni o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar reyestrini Soliq qo‘mitasi yuritadi. Auditorlik xulosasini tan olish oqibatida to‘lanmay qolgan soliq va yig‘imlar aniqlansa, auditorlik tashkiloti javobgar bo‘ladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyekti faoliyatida bir yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi. Kameral soliq tekshiruvlari bundan mustasno.

2027-yil 1-yanvardan moliyaviy jarimalarni qo‘llashda “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi.

Qoidani birinchi marta buzgan, biroq fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i yoki o‘zgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga jarima qo‘llanmaydi va kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.

18-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida O‘zbekistonda kichik biznesni tekshirishga uch yillik moratoriy e‘lon qilinishi taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, Dubayda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi ish boshlagani haqida yozgandi.