Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari beshinchi yo‘nalish sifatida biznesga maʼmuriy bosimni keskin kamaytirish ekanini aytdi.

So‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4% dan 12% ga, o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 50% dan 26% ga tushdi.

“Iqtisodiyotni ‘soya‘dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yilda 2−3 marta, yana 21% ida 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bunga yong‘in, qurilish, sanitariya, karantin va energiya inspeksiyalarining takroriy tekshiruvlari ham qo‘shilmoqda.

“Bir narsani tushunish kerak: xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi”, — dedi prezident.

Shu bois, kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilinadi.

O‘rta va yirik tadbirkor o‘z korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, uning xulosasini soliq organi tan oladi. Kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi, bir yilda takroriy tekshiruv esa faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkaziladi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik eksportchilarning marketpleyslardagi xarajatlari 50%gacha qoplab berilishi haqida yozgandi.