Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda to‘rtinchi yo‘nalish sifatida eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish ekanligi aytildi. Prezident tashqi bozorda har bir dollar eksport uchun kuchli raqobat ketayotganini taʼkidladi.

O‘rganishlarga ko‘ra, eksportchilarning 40%i xorijlik mijoz topishga, 36%i standart va sertifikatsiya talablariga moslashishga qiynalmoqda. 37% ida qulay moliyaviy instrumentlar, 33% ida bozor, marketing va brend bo‘yicha ko‘nikmalar yetishmaydi.

Shu bois, tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatadigan “eksport navigator” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulotning ro‘yxati shakllantiriladi.

Har bir mahsulot bo‘yicha tashqi bozordagi raqobatchilar, tarif tizimi va logistika yechimlari ishlab chiqiladi. 2 mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor va xaridor segmentiga moslashtiriladi.

Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish xarajatining yarmi — $500 minggacha qoplab beriladi. Milliy brendni tashqi bozorda targ‘ib qilish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun $50 minggacha subsidiya ajratiladi.

Marketpleyslarda omborga joylashtirish va sotish xarajatining yarmi, xalqaro tenderlar uchun konsalting xarajatining 80%i kompensatsiya qilinadi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida $1 mlrd yo‘naltiriladi.

Spot, avvalroq, har yili daromadi 1 trln so‘mdan yuqori 50 ta kompaniya IPOga tayyorlanishi haqida yozgandi.