Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda. Davlat rahbari iqtisodiyotni mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1,2 mlnlik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.

Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish anʼanasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.

“Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!”, — dedi prezident.

O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trln so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trln so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.

Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda $1 mlrd jalb qildi. Davlat rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.

“Bugun tadbirkorlarimiz „biznesni boshlash“ bosqichidan „kapitalni ko‘paytirish“ bosqichiga o‘tyapti”, — dedi davlat rahbari.

Besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trln so‘mga yetdi. Sanoati $100 mlndan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi.

Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trln so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar esa 3,5 mingtani tashkil etmoqda.

Biznesini mahallada boshlab, mamlakat bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi.

So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda “katta sakrash” qilindi.

Elektromobil, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. BYD, ADM Jizzakh, Sirdaryo Asaka Motors kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Qisqa davrda viloyatga $4 mlrd xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi.

Hazorasp maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi. Tuproqqalʼa va Yangiariqda jami 275 megavattli elektr stansiyalar barpo qilinib, korxonalarning barqaror energiya taʼminotiga xizmat qilmoqda.

Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72% ini kichik biznes yaratmoqda. Eksportda kichik biznes ulushi 81% ga yetib, viloyat respublikada birinchi o‘ringa chiqdi.

Haftalik aviareyslar 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari 8 tadan 41 taga ko‘paydi. Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi, 35 kilometrlik yangi Urganch-Xiva avtomobil yo‘li ishga tushirilmoqda.

25 gektarda Arda Xiva turistik majmuasi barpo etildi, tadbirkorlar 7 ming o‘rinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylarini tashkil qildi. Joriy yil Xorazmga 3 mln xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.

Xivada mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan Sahro yulduzi turistik kompleksi ham bunyod etiladi.

“Bir so‘z bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda”, — dedi prezident.

Spot, avvalroq, tadbirkorlar kuni munosabati bilan 66 nafar biznes vakili mukofotlangani haqida yozgandi.