Spot Shavkat Mirziyoyevga Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyati va uni kengaytirish rejalari taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish loyihasi Fransiyaning Axens kompaniyasi texnologiyalari asosida amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekneftgaz AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farid Mo‘minov O‘zbekiston 24 telekanalining “Axborot 24” dasturida ma’lum qildi.
“Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 1997-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kungacha deyarli investitsiya kiritilmagan. Loyihalashtirish jarayonida zavod 5 mln tonna xomashyoni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Amalda 1997-yilda 2,5 mln tonnalik quvvat ishga tushirilib, bugungi kungacha shu quvvatda ishlab kelinmoqda”, — dedi Mo‘minov.
Zavod aslida AI-80 benzin ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Hozir u oktan oshiruvchi import qo‘shimchalar yordamida Yevro-2 sifatidagi AI-92 benzin ishlab chiqarmoqda.
Uning aytishicha, hozir zavodda avtobenzin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz va mazut kabi jami 10 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
“Zavod aslida AI-80 benzin ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, oktan oshiruvchi import qo‘shimchalar orqali bugungi kunda Yevro-2 sifatidagi AI-92 benzin ishlab chiqarilmoqda”, — dedi O‘zbekneftgaz rahbari o‘rinbosari.
Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, qiymati $328 mln bo‘lgan loyiha doirasida bugungi kunda importdan olib kelinadigan aktan oshiruvchi qo‘shimchalardan voz kechilib, Yevro-5 sifatidagi yuqori oktanli AI-95 va AI-98 benzin ishlab chiqarishga o‘tadi.
Prezidentga zavod quvvatini oshirish loyihasi ham taqdim etilgan. U modernizatsiya bilan parallel ravishda amalga oshiriladi va zavodning qayta ishlash quvvati yiliga 5 mln tonnaga yetkaziladi.
“Bu loyihaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, neft-kimyo sanoati uchun zarur bo‘lgan benzol, propan-propilen fraksiyasi, butan-butilen fraksiyasi kabi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan”, — dedi Mo‘minov.
Avvalroq prezident Uzbekistan GTL naftasidan polimer ishlab chiqarish bo‘yicha $1,5 mlrd lik loyiha taklif qilgani haqida xabar berilgandi.