Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati boshqarmasi Jizzax shahridagi ikki tungi klubning Instagram sahifalarida joylashtirilgan 500 ga yaqin reklama videosini qonunga zid deb topdi. Bu haqda qo‘mita ma’lum qildi.

Boshqarma sentabr-oktabr oylarida Jizzax Leader Food MChJ va Aziz Bog‘ishamol Klub MChJga qarashli tungi klublarning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarini o‘rgangan.

O‘rganish davomida videolarda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga zid tasvir va obrazlardan foydalanilgani aniqlangan.

Holatlarga huquqiy baho berish uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Jizzax viloyati bo‘limiga murojaat qilingan. Markaz xulosasiga ko‘ra, reklamalar “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasi talablariga zid ekani belgilangan.

Natijada ikkala klubning rasmiy sahifalaridagi qonunchilikka zid reklama materiallari olib tashlandi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu sahifalarning jami 120 mingdan ortiq obunachisi bor.

Avvalroq Reklama qonunchiligini buzgan 12 nafar bloger javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi.