Toshkent viloyatida Yaponiya texnologiyalari asosida ip-kalava ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etilishi mumkin. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaga safari doirasida Tokio shahrida Masui Holdings kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda mahsulotlarni Yaponiya va Xitoy bozorlariga eksport qilish istiqbollari, maxsus turdagi ip-kalava ishlab chiqarish hamda uni bo‘yashga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya direktorlar kengashi raisi Keyji Masui ishlab chiqarishga ilg‘or yapon texnologiyalari va sifat standartlarini joriy etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda eksport geografiyasini kengaytirish borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Masui Holdings kompaniyasining maxsus turdagi ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha tajribasini inobatga olib, Yaponiya tomoniga Toshkent viloyatida shunday mahsulotlarni ishlab chiqarish va bo‘yashga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish taklif qilindi.
Bunda mahalliy xomashyodan samarali foydalanish va tayyor mahsulotlarni Yaponiya hamda Xitoy bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda mahalliy kadrlarni tayyorlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, viloyatdagi to‘qimachilik korxonalarining texnologlari va sifat nazorati mutaxassislari uchun Yaponiyaning sifat standartlari bo‘yicha Osaka shahrida ikki haftalik o‘quv kurslarini tashkil etish taklif qilindi.



Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi sifatida viloyatdagi istiqbolli korxonalarda yapon mutaxassislari ishtirokida sifat auditini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Audit natijalariga ko‘ra, 2027-yilning birinchi choragida Yaponiya bozori uchun 2−3 turdagi mahsulotning sinov partiyalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Toshkent viloyati delegatsiyasi mazkur tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Jumladan, qo‘shma korxona uchun yer maydoni va mahalliy hamkorlarni tanlash, xomashyo yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni saralash hamda yaponiyalik ekspertlarning tashriflarini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Avvalroq Spot Bekobodda $200 mln lik sanoat texnoparki tashkil etilayotgani haqida yozgandi.
2026−2028-yillarda bu yerda 25 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va qariyb 2 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.


