Toshkent viloyatining Bekobod tumanida Boshqirdiston bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Bekobod” sanoat texnoparki hududida metall konstruksiyalar ishlab chiqarish zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Marosimda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov ishtirok etdi.

Umumiy maydoni 100 gektarni tashkil etadigan sanoat texnoparkida 2026−2028-yillarda jami $200 mln lik 25 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Texnoparkdagi dastlabki loyiha “Orstostan Ru” kompaniyasi tomonidan metall konstruksiyalar ishlab chiqarish zavodini qurishni nazarda tutadi.

Qiymati $20 mln dan ortiq bo‘lgan loyiha doirasida 8 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.

Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming tonnani tashkil etadi. Korxonada 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Sanoat texnoparkining asosiy yo‘nalishlari metallurgiya va kimyo sanoati uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, shuningdek, zamonaviy burg‘ilash uskunalari va mexanizmlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Yangi sanoat texnoparkining tashkil etilishi hududning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, yangi investitsiyalarni jalb etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Andijonda Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish boshlangani haqida yozgandi.