Toshkent shahar hokimligi Oppenheimer & Co. kompaniyasi bilan xalqaro kapital bozorlariga chiqish istiqbollarini, jumladan, munitsipal obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini muhokama qildi.
Shuningdek, yirik infratuzilma va shaharsozlik loyihalarini moliyalashtirish uchun investitsiyalar jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzakov hamda kompaniyaning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi bo‘yicha investitsiya banki yo‘nalishi bosh ijrochi direktori Maks Lami ishtirok etdi.
Tomonlar, shuningdek, investitsiyalar jalb etish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, xalqaro moliyaviy vositalar va shahar moliyasini boshqarish bo‘yicha xorijiy tajribani qo‘llash masalalarini muhokama qildi. Bundan tashqari, mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. U xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan aloqalarni kengaytirish hamda shahar loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha manbalarni jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkentda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va biznes uchun qulay sharoitlar yaratish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi.
Unda 2026-yilda qo‘shimcha $500 mln jalb etish uchun Toshkent shahri yevroobligatsiyalarini chiqarish taklifi ilgari surilgan.
Avvalroq Spot Andijon Oppenheimer bilan xalqaro kapital bozorlaridan $300 mln jalb qilmoqchi ekanligi haqida yozgandi.