Andijon viloyati delegatsiyasi AQSHning Oppenheimer & Co. investitsiya banki vakillari bilan xalqaro kapital bozorlaridan $300 mln mablag‘ jalb qilish istiqbollarini muhokama qildi.

Ushbu mablag‘larni Andijon Invest tomonidan xalqaro korporativ obligatsiyalar — yevrobondlarni chiqarish orqali jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda xalqaro investorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, obligatsiyalarni xorijiy bozorlarda joylashtirish va moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar davomida yevrobondlarni xalqaro investorlarga taqdim etish tartibi, mablag‘ jalb qilish imkoniyatlari, moliyaviy instrumentlardan foydalanish shartlari va loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur tashabbus Andijon viloyatining investitsiyaviy salohiyatini oshirish, xalqaro moliya institutlari va kapital bozorlari bilan aloqalarni kengaytirish hamda hududdagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha resurslar yaratishga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlarini o‘rganish va loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq amaliy masalalarni ishlab chiqishni muhokama qildi.

2025-yil sentabrida Oppenheimer kompaniyasi Andijondagi uchta yirik loyihani moliyalashtirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan edi.

Ular orasida $180 mlnlik tekstil sanoat zonasi, $20 mlnlik Xonobod sun’iy dam olish ko‘li va $1 mlrdlik Yangi Andijon shaharsozlik loyihasi bor edi.


Avvalroq Spot Andijonda ayollar bandligini ta‘minlash uchun $20 mlnlik jamg‘arma tashkil etilishi haqida yozgandi.