Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida yozgan edi.
Unda taʼkidlanishicha, xotin-qizlar bandligini ta‘minlash uchun alohida moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlar yaratiladi.
Andijonda ishlash istagi bo‘lgan 3 ming ayol bola parvarishi bilan band. Farzandlarini bog‘chaga joylashtirish ularning mehnat bozoriga qaytishiga sharoit yaratishi ta‘kidlandi.
Viloyatda maktabgacha ta‘lim qamrovi 86% ga yetgan. Tadbirkorlar yana 134 ta oilaviy bog‘cha ochishga tayyorligini bildirgan.
Mas‘ullarga o‘n kun ichida ushbu bog‘chalar bo‘yicha tegishli bitimlarni rasmiylashtirish masalasini hal qilish topshirildi. Umuman, Andijonda ayollarni ish bilan ta‘minlash uchun alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga $20 mln ajratiladi.
Jamoat xavfsizligini ta‘minlash va kiberjinoyatlarning oldini olishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.
Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar rahbarlariga raqamlashtirish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.
Ular ko‘chalardagi kameralar ma‘lumotlarini sun‘iy intellekt orqali tahlil qilib, bezorilik, o‘g‘rilik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqadi.
Kiberhujumlardan himoyalanish dasturi ishlab chiqilib, budjet tashkilotlari xodimlari, o‘quvchi va talabalar, pensionerlarning bu boradagi bilimlari oshiriladi.
Yil yakunigacha ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish topshirildi.
Spot, avvalroq, Bobur shahrida tadbirkorlar uchun yerlarning boshlang‘ich narxi ikki barobar arzonlashtirilishi haqida yozgandi.